Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning ma'lum qilishicha, uning The Boring Company kompaniyasining yangi mahsuloti Lego bolalar o‘yinchog‘idagi bo‘laklarga o‘xshash, biroq tunnellarni qazish vaqtida olingan toshlardan tayyorlangan g‘ishtlar bo‘ladi.
“Yaqin orada The Boring Company’dan yangi mahsulot paydo bo‘ladi. Bu Lego’ga o‘xshash, tunnelni qazishda olingan toshlardan ishlangan g‘ishtlar bo‘ladi. Siz ulardan haykallar va binolar barpo etishda foydalanishingiz mumkin. Ular seysmik yuklamalarga barqaror va superkuchli. Shu bilan birga ularning ichi samolyot qanotidagidek bo‘sh bo‘ladi va uncha og‘ir bo‘lmaydi”, deb ta'riflagan yangi mahsulotni Mask.
Maskning aytishicha, bu bo‘laklardan sement va boshqa bog‘lovchi moddalar qo‘llamagan holda uylar qurish mumkin. Yangi mahsulotning mohiyati shundaki, uni Lego konstruktori kabi yig‘ish mumkin.
Mahsulotning ilk to‘plami Qadimgi Misrga bag‘ishlanadi: foydalanuvchilar konstruktor bo‘laklaridan ehromlar va ibodatxonalar, sfinkslar haykallarini qurishlari mumkin bo‘ladi.
Mask The Boring Company’ga yer osti tunnellarini burg‘ilash yordamida yo‘ldagi tirbandliklarga qarshi kurashish maqsadida 2017 yilda asos solgan.
Bundan tashqari, kompaniya boshqa buyumlar ishlab chiqaradi. Dastlab kompaniya kepkalar ishlab chiqarib, bu orqali 300 ming dollar daromad olgandi. 2018 yil fervalda esa kompaniya o‘t purkagichlarni sotuvga chiqarib, 4 kun ichida ulardan 20 ming dona sotgan.