Qizg‘aldoqzorga aylanayotgan taqvim. PFL qachon o‘zgaradi?

Sport 18:00 / 22.03.2018 11399

Maktabda o‘qigan vaqtlarimizda ona tilidan dars beradigan domlamiz insho yoki shunga o‘xshash yozma ishlarni g‘ij-g‘ij xatolar bilan yozadigan «ikkichilar»ni qoyiganda doim ishlatadigan bir gapi bo‘lardi. «Daftaring qizg‘aldoqzor bo‘lib ketdi-ku, baraka topgur». Yozilgan insholardagi, diktantlardagi xatolar qizil ruchka bilan to‘g‘rilanar, azbaroyi tuzatishlarning ko‘pligidan daftar qip-qizil bo‘p ketardi. Xuddi uyatdan qizargandek. O‘sha vaziyatni domlamiz yaxshi o‘xshatish qilardi.

PFL musobaqalaridagi taqvimda amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida o‘qisam, doim o‘sha ona tili darsi esimga tushaveradi. Har safar, bo‘ldi, endi shu safargisi oxirgisi bo‘lsa kerak, deb o‘zimni ishontirishga harakat qilaman. Yo‘q, tugamaydi. To‘xtamaydi. Odamlar o‘zgaradi, xodimlar o‘zgaradi, mas'ullar o‘zgaradi. Lekin shu PFL hech o‘zgarmaydi. Endi o‘zgarsa kerak deb kutganingda yangi tomoshalar, «qizil ruchka ko‘targan domlalar» chiqaveradi.

Biroz muqaddam ma'lum bo‘ldiki, O‘zbekiston superligasidan o‘rin olgan AGMK (aytgancha, bu nomni yuqorida eslagan ona tilimizga daxli yo‘q) va «Lokomotiv» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘rtoqlik o‘yinlari sabab boshqa muddatga qoldirildi. Albatta, bunisi tushunarli. «Lokomotiv» FIFA kunlarida 7 nafar futbolchisi band bo‘lganida o‘yinni qoldirishni so‘rashi tabiiy holat va reglament, qoidalar bo‘yicha ular 100 foizga haq. O‘zini hurmat qilgan jamoa bunday paytda haqini talab qilib oladi. Lekin nega endi PFL buni oldinroq o‘ylamagan. Taqvim tuzilishidan oldin bu holat oldi olinmagan?

Keling eslaymiz. 2017 yilning 13 dekabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi Marokash terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi ma'lum qilingandi. O‘sha kuniyoq o‘yin 27 mart kuni, uzoq Shimoliy Afrikada bo‘lib o‘tishi rasmiy manbada aytilgan. Bu degani hali hozirgi superligada hattoki qaysi jamoalar ishtirok etishi ham ma'lum bo‘lmagan paytlar edi. Superligida jamoalar soni qisqarishidan boshqa hech narsa aniq emasdi. Na uning formati, na uning o‘tkazilishi tartibi (necha davrali, nechta turdan iborat bo‘lishi va hokazo) ma'lum emasdi. Yangi mavsum haqida tasavvurlarimiz eng mavhum holatda bo‘lganida biz JCh ishtirokchisi bo‘lgan terma jamoa bilan o‘ynashimiz haqida bong urib maqtangandik. PFL bu orada superliganing bitta formatini tanlab, boshqasiga o‘zgartirishga ham ulgurdi. Jamoalar sonini e'lon qildi. Qur'a tashlandi va taqvim belgilandi. Bu ishlarning barchasi Marokash bilan o‘yin aniq bo‘lganidan 2 oydan ko‘proq vaqt o‘tganidan keyin sodir bo‘ldi. Yangi formatdagi superliga taqvimi chiqarilayotganda Senegal bilan, Marokash bilan ham o‘yinlarimiz muddati aniq bo‘lib ulgurgandi. Xo‘sh, endi savol tug‘iladi: bizga «ishlavommiz-ku», deydiganlarning ishi shumi? Ikki oy oldin aniq bo‘lib ulgurgan FIFA kunining bandligini bilib turib ham o‘sha o‘yin bilan bir kun oraliqda o‘yinlarni qo‘yish «ishlash»mi?

Ilgari biz bugungidan ham ko‘p tanqid qilganimiz PFLning eski rahbariyati uchun bu kabi o‘zgarishlar oddiy holat edi. O‘zgartiraverishardi, o‘zgartiraverishardi. Lekin o‘shalardayam bitta «straxovkasi» bo‘lardi. Ya'ni zaxira kunlari. Turli sabablar bilan o‘yinlar qoldirilsa, taxminan o‘sha o‘yinning qaysi muddatda o‘tkazilishini bilardik. PFL buning uchun taqvimda alohida zaxira kunlari e'lon qilardi. Bu safargi taqvim esa hattoki, o‘sha zaxira kunlari ham yo‘q. Chempionlik uchun kurashishi kerak bo‘lgan «Lokomotiv»ning o‘yini taxminan qachon o‘tishini ham bilmaymiz... Osiyo chempionlar ligasida O‘zbekiston klublariga qulayroq taqvim yaratib berish maqsadida ba'zi o‘yinlar payshanba kuni o‘tkazilishiga to‘g‘ri kelyapti. Bunisi tushunarli. Lekin «Lokomotiv»ning bu safargi o‘yinini 29 martga belgilanganini ko‘rib, balki «Loko» dushanba kuni OChLda o‘ynar deb qayta tekshrib ko‘rdim. Yo‘q. Jamoa xalqaro maydondagi o‘yinini 3 aprel, seshanba kuni o‘tkazar ekan. Demak, hech bo‘lmaganda chempionat taqvimi tuzilayotganda AGMK bilan o‘yinni 30 martga belgilash ham mumkin edi. Yoki butunlay boshqa, lekin aniq ko‘rsatilgan muddatga o‘sha vaqtdayoq belgilab qo‘yish imkoniyati bor edi. Yo‘q. Biz shunaqa «qizil ruchka» ishlatishni yaxshi ko‘ramiz.

Oldingi o‘zgarishlarga to‘xtalmoqchi emasman. O‘tgani o‘tib bo‘ldi. Lekin kelgusida bu kabi holatlarni takrorlamaslik uchun, shundoq ham uyatdan qizargandek bo‘lib borayotgan taqvimni yanada «qizartirmaslik» uchun hali ko‘p ishlashimizga to‘g‘ri keladi shekilli. Yo‘q «ishlavommiz-ku», degan darajada emas, haqiqiy ma'noda ishlashni nazarda tutyapman. Bo‘lmasa, ona tili o‘qituvchimiz aytganidek, daftarlarimizni qizg‘aldoqzorga aylantirishda davom etaveramiz.

Azamat Murodov

Ko‘proq yangiliklar: