«Facebook’ni o‘chir», 60 mlrd dollarga kamaygan boylik, AQSh va Yevropadagi surishtiruvlar

Fan-texnika 01:49 / 22.03.2018 20410

50 million foydalanuvchining ma'lumotlari o‘g‘irlangach, jahonning birinchi raqamli ijtimoiy tarmog‘i bilan nimalar sodir bo‘lmoqda? VC.ru ushbu savollarga javob axtarishga urinib ko‘rdi.

2018 yilning martida Facebook 50 milliondan ortiq foydalanuvchining ma'lumotlaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq mojaro markazida qoldi. 19 martga kelib ma'lum bo‘ldiki, Cambridge Analytica firmasi foydalanuvchilardan beruxsat ularning ma'lumotlarini qo‘lga kiritgan va undan Donald Trampning saylovoldi kampaniyasida samarali siyosiy reklama yo‘lida foydalangan.

Foto: Business Insider

Facebook esa ma'lumot sizdirilganini bilgan, lekin hech qanday chora ko‘rmagan, deb taxmin qilinmoqda. So‘nggi bir necha kun ichida kompaniya aksiyalari shiddat bilan pasaymoqda, voqeani AQSh va Yevropa hukumatlari tekshirmoqda.

Cambridge Analytica — siyosiy partiyalar bilan ishlovchi, ularga ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyaning xatti-harakatiga ta'sir o‘tkazishda ko‘maklashuvchi Britaniyaning tahliliy firmasi. Uning mutaxassislari foydalanuvchilarning xulqini tekshirishadi va buyurtmachining xabarini yetkazishadi. Kompaniyaga 2013 yilda Merserlar oilasi qo‘llovi bilan asos solingan va BuzzFeed’ga ko‘ra saylovda bu oila Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagan.

Facebook’dagi AQShlik 50 million foydalanuvchilarning ma'lumotini Cambridge Analytica Kembrij universiteti professori Aleksandr Kogandan sotib olishgan. 2014 yilda u tadqiqot maqsadida this is your digital life ilovasini yaratgan, unda Facebook orqali ro‘yxatdan o‘tib, mukofot evaziga psixologik test topshirish kerak bo‘lgan. Dastur foydalanuvchilar sahifasidagi ma'lumotlar va do‘stlar haqidagi axborotlarni qo‘lga kiritgan. Ilovaga 270 ming kishi ulangan va buning sharofati bilan Kogan deyarli 50 million kishi haqidagi ma'lumotga ega bo‘lgan.

2015 yilda Facebook aniqladiki, Kogan qoidalarni buzgan: ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar va ularning do‘stlari haqidagi axborotni yig‘ishga ruxsat beradi, faqat ular egasida qolishi hamda uchinchi shaxslarga berilmasligi sharti bilan. Kompaniyaning bayonotiga ko‘ra, professor ma'lumotlarni Cambridge Analytica va Eunoia Technologies’ga berib yuborgan.

Foto: Reuters

«Biz bu haqda bilganimizdan so‘ng Koganning ilovasini Facebook’dan o‘chirdik va barcha tomonlardan [foydalanuvchilar haqidagi] ma'lumotlarni yo‘q qilishni talab qildik. Cambridge Analytica, Kogan va Eunoia Technologies’dan Kristofer Uayl ma'lumotlar yo‘q qilinganini bildirishdi», deyiladi Facebook bayonotida.

Cambridge Analytica’dagilar ilk talabga ko‘ra, ma'lumotlar 2015 yildayoq yo‘q qilinganini ta'kidlashmoqda. Firma vakili Kogandan olingan ma'lumotlardan Trampning 2016 yildagi saylovoldi shtabiga xizmat ko‘rsatishda foydalanilmaganini ta'kidlamoqda. CBS’ning xabar berishicha, Tramp komandasi alal-oqibat Cambridge Analytica xizmatidan samarasiz, degan vaj bilan voz kechgan. Kompaniyadagilarning o‘zi esa Trampning g‘alabasida muhim rol o‘ynashganini ta'kidlashadi.

Facebook’ning sobiq xodimi Sendi Parakilas ma'lumotlarning sizdirilishi yanada kengroq miqyosga ega ekanligini aytib, 2017 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan davrda yuzlab million insonlar haqida gap borayotganini ta'kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Facebook himoyasida uchinchi shaxslar tomonidan foydalanuvchilarning xabarisiz shaxsiy ma'lumotlarini to‘plashga izn beruvchi «tuynuk» bo‘lgan. Facebook buni bilgan, lekin hech qanday chora ko‘rmagan, deya ta'kidlaydi Parakilas.

Foto: RIA "Novosti"

Cambridge Analytica rahbari Aleksandr Niks 20 mart kuni firma boshqaruvidan bo‘shatildi. Bunga sabab qilib, Channel 4 News telekanalida namoyish etilgan videosyujyet keltirilgan. Maxfiy videoyozuvda Niks har qanday mamlakatning saylovlariga aralashish imkoniyati haqida so‘z ochgan.

19 mart kuni savdolar yakunida Facebook aksiyalari 7 foizga quladi, kompaniyaning asoschisi va asosiy egasi Mark Tsukerbergning boyligi 6 milliard dollardan ko‘proqqa kamaygan. 20 mart savdolari yakunlariga ko‘ra, uning shaxsiy kapitali jami 9 milliard dollarga pasaygan.

21 martga kelib, Facebook bozor qiymatining 60 milliard dollaridan mosuvo bo‘lgan. Bloomberg ma'lumotiga ko‘ra, bu yo‘qotish Tesla’ning umumiy kapitalizatsiyasi — 52 milliard dollardan ham ko‘proqdir. Bu Facebook’ning 2012 yilda IPO’ga chiqqanidan buyon aksiyalari qiymatining eng yirik pasayishidir.

AQSh va Yevropa hukumatlarining reaksiyasi

AQShning savdo bo‘yicha federal komissiyasi tekshirishni boshlagan. Qoidalarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq ma'lumotlar uchinchi tomonga berilishi mumkinligi haqida foydalanuvchilarni ogohlantirishi kerak edi. Agar idora Facebook talablarni buzgan, degan to‘xtamga kelsa, kompaniyani «millionlab» dollarlik jarimalar kutmoqda, deb yozadi Bloomberg. Nyu-York, Massachusets va Konnektikut shtatlari bosh prokurorlari o‘zlarining shaxsiy surishtiruvini o‘tkazish niyatida.

Senatorlar Tsukerbergdan AQSh Kongressida chiqish qilib, Facebook’ning saylovlarga ta'siri va ijtimoiy tarmoq o‘z foydalanuvchilarini qanday qilib himoya qilmoqchiligi haqida so‘zlab berishga chorlashmoqda.

Facebook rahbarini 500 million yevropalikning vakillariga shaxsiy ma'lumotlari «demokratiyani manipulyatsiya qilishda foydalanmasligi» xususida Yevroparlamentda ham so‘zlab berish uchun taklif qilishmoqda. Parlament vakili Antonio Tayani Yevropa Ittifoqi o‘z surishtiruvini o‘tkazishi, aybdorlar jazoga tortilishini bayon qilgan. Tayani sodir bo‘lgan voqeani «fuqarolarning shaxsiy xayot daxlsizligiga bo‘lgan huquqining kechirib bo‘lmas buzilishi», deb baholagan.

«Facebook’ni o‘chir»

Ma'lumotlar sizdirilgani haqidagi xabarlardan so‘ng Twitter’da #DeleteFacebook heshtegi ommalasha boshladi: foydalanuvchilar ularning shaxsiy ma'lumotlarini asray olmagan ijtimoiy tarmoqdan voz kechishga chorlashmoqda. Kampaniyani 2017 yilda Facebook’dan ketgan WhatsApp asoschilaridan biri Brayan Ekton ham qo‘llab-quvvatlagan. Facebook auditoriyasi oyiga 2 milliard foydalanuvchidan oshadi.

«Fursat yetdi. Facebook’ni o‘chir»

«Agar siz hali buni amalga oshirmagan bo‘lsangiz, Facebook’dagi akkauntni o‘chirib tashlashga fursat yetdi»

«Gap menda emas, gap senda. Alvido»

 

G‘arbdagi ba'zi bir nashrlar Facebook’dagi o‘z qaydnomangizni qanday o‘chirib tashlash kerakligi haqida yo‘riqnomalar e'lon qila boshlashdi. The Verge va Huffington Post shular jumlasidandir. Agar foydalanuvchi o‘z akkauntini deaktivizatsiya qilib qo‘ysa, uning ma'lumotlari baribir Facebook’da qolaveradi, to‘liq o‘chirish uchun ijtimoiy tarmoq ma'muriyati bilan bog‘lanish kerak.

Mark Tsukerberg jim

Mojaroning boshidanoq na Facebook rahbari, na operatsion direktor Sheril Sendberg vaziyat yuzasidan omma oldida chiqish qilishdi. Axios’ning Tsukerbergga yaqin manbasining aytishicha, yaqin sutkalar ichida kompaniya rasmiy bayonot bilan chiqish qiladi.

Foto: Reuters

«Bu juda muhim va u buni biladi», — degan nashr hamsuhbati. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval boshdan Tsukerberg muammoni muhokama qilishdan ko‘ra uni tezroq hal qilishga diqqatini jamlagan.

Recode ma'lumotlariga ko‘ra, 23 mart kuni Tsukerbergning Facebook jamoasi bilan har haftalik suhbati bo‘lib o‘tishi kerak, o‘shanda u boshqa savollar qatori Cambridge Analytica bilan bog‘liq savollarga ham javob beradi.

Ko‘proq yangiliklar: