Samarqand viloyat IIB Respublikada ilk bor «Sigvey» uskunasini qo‘llamoqda

O‘zbekiston 20:30 / 18.03.2018 31799

2017 yil tahliliga ko‘ra, Samarqand shahriga turli davlatlardan jami 170 ming 600 nafar sayyoh kelib ketgan bo‘lib, ularning xavfsizligi to‘liq ta'minlangan. 2018 yilda esa bu ko‘rsatkich 350 ming nafar bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, mahalliy sayyohlar oqimi tahlil qilinganda, 2017 yilda Samarqand shahriga 1,114,022 nafar mehmon kelgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 1,745,000 nafarni tashkil etishi kutilmoqda.

Samarqandga tashrif buyurayotgan turistlarning tobora ko‘payib borayotganligini, bunday tendensiyani saqlab turish uchun turistlar xavfsizligini ta'minlash muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi xodimlari Respublikaning boshqa viloyatlarida uchramaydigan zamonaviy texnologiya bilan ta'minlanmoqda. Bu haqda Samarqand IIB Matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Jumladan, xodimlarga «Sigvey» (ingl. Segway) deb ataluvchi elektron uskuna berilgan bo‘lib, ushbu «Sigvey» 160 kg yukni ko‘tara oladi va soatiga 20 km tezlikda harakatlanadi. «Sigvey» uskunasi ekologik toza bo‘lib, avtomashinalarda harakatlanib bo‘lmaydigan va odamlar gavjum joylarda ham erkin harakatlanib, turizm maqsadida tashrif buyurgan shaxslarga xavf tug‘ilganida ularning oldiga tezda yetib borishni ta'minlaydi.

«Bundan tashqari, Samarqand viloyatining ko‘p turistlar tashrif buyuradigan turistik obektlar atrofiga xavfsiz turizm xodimlari uchun maxsus ko‘char xonalar ham tashkil etilgan bo‘lib, bu yurtimizga tashrif buyurgan turistlarni xavfsiz harakatlanishini kuzatib borishga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, ushbu maxsus ko‘char xonalar tashqi tomoni o‘zgacha dizayn ko‘rinishiga ega bo‘lib, xavfsiz turizm xodimlarining har qanday ob-havoda hamda tunu kun o‘z xizmat vazifasini bajarishga qulaylik yaratadi», deyiladi Samarqand IIB Matbuot xizmati xabarida.

 

Ko‘proq yangiliklar: