Namanganda mas'uliyatni unutgan shifokorlarga jazo qo‘llanilmoqda

Jamiyat 22:50 / 18.03.2018 15067

So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar ko‘rilishiga qaramay aksariyat yurtdoshlarimiz bugungi kundagi tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasidan qoniqish hosil qilishmayapti. Bunda eng avvalo, Gippokrat qasamini ichgan, egniga sharafli oq libosni kiygan ayrim soha xodimlarining o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgani, qolaversa kasbiga nisbatan mas'uliyatsizlik qilayotgani sabab bo‘lmoqda.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tizimdagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari va ishchi-xodimlariga nisbatan talab kuchaytirilmoqda. Chunki, elimizga xizmat qiladigan shifokorlar hamisha hushyor, halol va faol bo‘lishlari shuni taqozo etayotir.

Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlaridan birida “Odamlar orasida yashash, ularning dardiga quloq solish, aholining ehtiyojlari va qonuniy talablarini amalga oshirish uchun tezkor choralar ko‘rish — har bir rahbarning asosiy vazifasi, deb hisoblayman”, deya alohida qayd etgan edi. Zero, inson manfaatlari eng ustuvor qilib qo‘yilar ekan, sog‘ligimiz posbonlarining xizmat mas'uliyati susayishiga, berilgan topshiriqlarga, eng muhimi qabuliga najot istab kelayotgan odamlarga bepisand va beparvo munosabatda bo‘lishlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

- 2018 yilning dastlabki oylarida xoh katta bo‘lsin, xoh kichik bo‘lsin zimmasidagi mas'uliyatni chuqur his etmayotgan rahbarlardan voz kechilmoqda. Ularning o‘rni tashabbuskor va tashkilotchi, bilimdon va yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirib borilyapti, - dedi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, senator Solijon Mo‘minov “KUN.UZ” tahririyati muxbiri bilan suhbatda. – Masalan, yaqinda Kosonsoyda yuz bergan, keyinchalik qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan ko‘ngilsizlikni kelib chiqishida bevosita o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Baxtiyor Xoldorovdan tortib, uning atrofidagi o‘rinbosari Raimjon Abdullayev, koordinator Murodilla Toshmatov, markaziy poliklinika mudiri Muyassar Karimova, poliklinika bosh feldsheri Abdujabbor Abdullayevlar vazifasidan bo‘shatilgan edi.

Mulozimning qayd etishicha, bundan tashqari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni yetarli amalga oshirmagani va patronaj tadbirlariga talab darajasida e'tibor qaratmagani uchun Namangan tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Nodira Qosimova, shu tumandagi 14-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri Nasiba Irisova, To‘raqo‘r¬g‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Shohidon” qishloq vrachlik punkti mudiri Zaynab Xushmatova, Norin tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 18-qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri Gulchehra Shamsutdinovalarga nisbatan ham shunday chora qo‘llanildi. 

Onalik va bolalik muhofazasiga doir vazifalarni bajarishdagi mas'uliyatsizligi, berilgan topshiriqlar ijrosiga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lganligi natijasida tumanda bolalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichlari ortib ketishiga yo‘l qo‘yganligi uchun To‘raqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlari tibbiyot birlashmalari boshliqlarining onalik va bolalik muhofazasi bo‘yicha o‘rinbosarlari Zulfiya Zokirova hamda Obidjon Qo‘ldoshevlar,  Pop tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxona bo‘limi mudiri Sharifa Latifovalar lavozimlaridan ozod etildi. Shifokor faoliyatidagi har qanday xato bemor uchun qimmatga tushishini biror mutaxassis hech vaqt unutmasligi shart. Shuning uchun jiddiy kamchiliklar sodir etgan Pop tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi akusher-ginekologi Mahliyo Egamberdiyeva va navbatchi hamshirasi Guljamol Nurmatovalar ham vazifasidan bo‘shatildi.

Muxtasar aytganda, Namangan viloyatida o‘z vazifasiga mas'uliyatsiz va loqayd tibbiyot xodimlariga murosasiz munosabatda bo‘linmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid g‘oyat muhim farmon va qarorlari  izchil bajarilishini ta'minlash uchun har bir rahbar, har bir mutaxassisdan yuksak mas'uliyat talab etilmoqda. Bundan ko‘zda tutilgan maqsad esa xalqimizning do‘xtirlardan rozi bo‘lishi, tibbiy xizmat sifatidan qoniqish hosil qilishi, qolaversa sohada yuz berayotgan ayrim tamagirlik holatlarining oldini olishdan iborat.

Oqilxon DADABOYeV,
jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: