«Katta pul ajratamiz». Qishloqlardagi sharoitlarni yaxshilash uchun qaror chiqadi

O‘zbekiston 22:20 / 18.03.2018 44940

Tez kunlarda O‘zbekistonning qishloq hududlarida aholi yashash sharoitlari yaxshilanishi uchun hukumat qarori qabul qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni Samarqand viloyati faollari va poytaxtdan kelgan mutasaddi rahbarlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish vaqtida ma'lum qildi.

«Balandparvoz gaplar hech kimga yoqmaydi. Samarqandda ikkita imorat qurish fikri menga yoqmadi. Unaqada Qo‘shrabotda yoki Nurobodda uyining tomidan chakki o‘tib turgan, suvi bo‘lmagan, gazi bo‘lmagan odamlar bizdan rozi bo‘lmaydi. 

Odamlar shuncha yil kutib o‘tirdi, qishlog‘imga svet kelarkan, suv kelarkan, gaz kelarkan, yo‘l kelarkan, maktab isitilarkan, o‘qituvchiga maosh berilarkan deb, bo‘lmadiku?

Do‘stlikda, Jomda «Obod qishloq» loyihasini boshladik. Kelgusi haftada katta qaror chiqadi «Obod qishloq» bo‘yicha. Har bir tumanda har yili Jomdagidek 2tadan shunday qishloq qilamiz.

10 milliard ketsa, yarmini davlat to‘laydi, 5 milliardi mahalliy byudjyetdan to‘lanadi. Hokim kafolat bersa, ish boshlanadi. Hokim befarq bo‘lmasdan, shu chora-tadbirni ko‘rishi kerak. Agar hokim qo‘l qo‘ymasa, uni ishdan olaman. Bunday hokim odamlarning dardini bilmagan hokim, odamlarning eng og‘ir sharoitlarda yashaganini sezmagan bo‘ladi.

Har yili har tumanda ikkitadan qishloq qilsak, 4-5 yil ichida vaziyat ancha yaxshilanadi. Shunday qilmasak bo‘lmaydi, faqat Samarqandni chiroyli qilib qo‘yish yetmaydi. Boshqa joylarda ham O‘zbekiston fuqarolari yashaydi. 

Qaror chiqadi. Juda katta pul beramiz, kichkina pul emas, milliard-milliard pul beramiz. Balki, trilliongayam boradi. Lekin bir tomoni bor, yarmini hokimlik ko‘tarishi kerak, qadriga yetishi uchun. 

Yo‘liniyam, svetiniyam, maktabiniyam, kasalxonasiniyam qilish kerak. Boshqa yo‘li yo‘q. Qilolmagan ishdan ketadi», deya prezident so‘zlarini keltiradi «Kun.uz» muxbiri.

O‘tgan oy oxirida «Obod qishloq» dasturi doirasida Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ida keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari boshlangandi. Mart oyida esa Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi «Jom» qishloq fuqarolar yig‘inidagi mahallalarni obod maskanga aylantirish bo‘yicha loyihalar bo‘yicha ish boshlandi.

Ko‘proq yangiliklar: