Yangi tajriba davom etmoqda: o‘qituvchi bir xonada turib, respublikaning turli hududlaridagi talabalarga dars o‘tdi

Jamiyat 11:30 / 18.03.2018 4845

O‘tgan haftada Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan respublikaning barcha hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘langan holda turli fanlar bo‘yicha olib boriladigan akademik soatlar tashkil etish yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.

Ko‘pchilik talabalarining talablariga binoan mazkur tajriba bu haftada ham davom ettirildi. 16 mart kuni soat 10.30da O‘zbekiston Milliy universitetining Matematika fakulteti Matematik analiz kafedrasi mudiri, matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Azimboy Sadullayev Kompleks o‘zgaruvchilar nazariyasi fanidan shunday dars «Kompleks analizda elementar funksiyalar» mavzuida o‘tkazildi (Akademik Azimboy Sadullayev dunyo miqyosida tan olingan va funksiyalar nazariyasi sohasi rivojiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan yetuk matematik olim hisoblanadi).

Ushbu ma'ruza onlayn tarzda respublikamizning 12ta oliy ta'lim muassasining Matematika ta'lim yo‘nalishi 3 va 4 kurs talabalariga o‘qildi. Bunda hududlardagi talabalar akademik bilan jonli muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, foydali bilimlar olishdi.

Akademik soat davomida mutaxassislar va talaba-yoshlarning matematika fani va mazkur mavzu yuzasidan bergan savollariga akademik Azimboy Sadullayevdan aniq va lo‘nda javoblar olib, bilim va tajribalarini orttirganlaridan mamnun ekanliklarini izhor qilishdi.

Ma'ruza so‘ngida tinglovchilar ushbu onlayn dars to‘g‘risida o‘zlarining fikrlari va takliflarini bildirishdi. Jumladan, shu kabi onlayn darslarni yanada ko‘paytirish, boshqa fanlar bo‘yicha ham o‘z sohasining yetakchi mutaxassislari bo‘lgan professor va akademiklarning darslarini tashkil etish, ushbu darslarning videoyozuvini internet tarmog‘idagi xamma uchun ochiq resurslarga joylashtirish takliflari bildirildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan bundan buyon doimiy ravishda mana shunday qiziqarli videodarslar o‘tkazib borish belgilab qo‘yildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi talabalar akademikni o‘z ta'lim muassasalariga taklif qilishdi.

Vazirlik tomonidan kelgusida akademiklar va yetakchi olimlarni har bir viloyatga borib, talaba-yoshlar bilan ochiq dars va jonli muloqot olib borishi bo‘yicha amaliy ishlarni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: