Sud protsesslari xavfsizligi qanday ta'minlanadi?

O‘zbekiston 17:25 / 17.03.2018 6347

Sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma e'lon qilindi. Bu haqda Norma yozmoqda.

Sudlarning ishlash vaqti 

Hujjatda belgilanishicha, sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilari hamda yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta'minlash ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Sud binosida ish tartibi belgilandi:

• ish vaqti – soat 09:00 dan 18:00 gacha;
• tushlik vaqti – soat 13:00 dan 14:00 gacha;
• dam olish kunlari – shanba, yakshanba;
• dam olish va bayram kunlari sud xodimlarining ish vaqti hamda mas'ul xodimlarning navbatchiligi sud raisi buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi hamda buyruq nusxasi nazorat o‘tkazish punktiga (bundan keyin – NO‘P) topshiriladi.

Nimalarni olib kirish taqiqlanadi

Sud majlisini fototasvirga tushirish, audio va videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek translyatsiya qilishga sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Tegishincha sud binosiga mobil telefon, audio, foto va videoqayd etish vositalari hamda elektron ma'lumot tashuvchi va uzatuvchi uskunalarni uning ruxsatisiz olib kirish taqiqlanadi.

Sud binosiga o‘qotar qurolni faqat konvoy va feldʼeger maxsus pochta xizmati xodimlari hamda sudya olib kirishi mumkin.

Kim va qanday hujjatlar asosida sud binosiga kiradi

Protsess ishtirokchilarini sud binosiga kiritish uchun raislik qiluvchi chaqirtirilgan shaxslarning aniq ro‘yxati ko‘rsatilgan ruxsatnomani oldindan tayyorlab, uni nazorat o‘tkazish punktiga topshiradi. Sud xodimi kelgan shaxslarni ro‘yxat asosida olib kiradi. Biroq chaqiruv qog‘ozi yo‘llangan bo‘lsa, uning o‘zi sud binosiga kirish uchun asos hisoblanadi.

Ro‘yxatga kiritilmagan va chaqiruv qog‘ozi bo‘lmagan shaxslarga bir martalik ruxsatnoma yozib beriladi. Chiqayotgan vaqtda u NO‘Pga topshiriladi.

Barcha holatlarda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart. Katta hajmli sumka, chamadon, quti, tugun yoxud hayvonlar bilan kirish istagini bildirgan shaxslar kiritilmaydi. Qo‘l yukini ko‘rikdan o‘tkazishdan bosh tortgan yoxud spirtli ichimliklar ta'sirida bo‘lgan shaxslar ham kiritilmaydi.

Quyidagi shaxslar sud binosiga nazorat o‘tkazish punkti orqali xizmat guvohnomasini ochiq holda ko‘rsatgan holda kirish huquqiga ega:

Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari, Prezident devoni, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning mas'ul xodimlari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman), vazirliklar va davlat qo‘mitalarining rahbarlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamentining mas'ul xodimlari, sudyalar va sud xodimlari, feldʼeger xizmatining maxsus aloqa xodimlari sud binosiga xizmat guvohnomasini ochiq holda ko‘rsatib erkin kiradilar.

Shunisi e'tiborga molikki, hujjat matnida sud binosiga prokuratura organlarining barcha xodimlari emas, faqat Bosh prokuratura xodimlari erkin kirishlari nazarda tutilgan.

Sud protsessining xavfsizligi

Sud protsessini o‘tkazishda ichki ishlar organlari raislik qiluvchiga to‘liq bo‘ysunadi. U xavfsizlikni ta'minlash uchun majlis o‘tkazilishiga kamida 3 kun qolganda tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limiga tegishli xabarnoma jo‘natadi. 

Raislik qiluvchining ruxsatisiz sud majlisi zalini tark etish taqiqlanadi. Uning farmoyishiga asosan tartibni buzgan shaxslar zaldan chiqarib yuboriladi. Ichki ishlar organlariga sud ishlari va ashyoviy dalillarni qo‘riqlash vazifasi ham topshirilishi mumkin.

Protsess ishtirokchilarini himoya qilish

Sudning yozma topshirig‘i asosida ichki ishlar organlari protsess ishtirokchilarining hayoti, salomatligi, sha'ni, qadr-qimmati va mol-mulki muhofaza qilinishini ta'minlashlari shart. Topshiriqda aniq xavfsizlik choralari va ularni amalga oshirish vaqtlari ko‘rsatiladi. U tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limiga, nusxasi esa – xavfsizlik choralari ko‘rilayotgan shaxsga yuboriladi.

Qo‘riqlanayotgan shaxslar ichki ishlar organlari qabul qilgan qarorlarni o‘z vaqtida bajarishlari shart.

Quyidagi xavfsizlik choralari qo‘llanilishi mumkin:

• qo‘riqlanayotgan shaxsning roziligi bilan u va uning yaqin qarindoshlari, yashash joyi va boshqa ma'lumotlardan foydalanishni vaqtincha cheklash;
• qonunda belgilangan tartibda yopiq sud majlisini o‘tkazish;
• Shaxsni, uy-joy va mol-mulkni himoya qilish.

Kutilayotgan zararning xavflilik darajasidan kelib chiqib, boshqa choralar ham qo‘llanilishi mumkin. 

Bundan tashqari, sudyalarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘qotar qurol berilishi yoxud qurolli soqchi ajratilishi mumkin.

Hujjat 16.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: