Ruminiyalik erkak sudda o‘zining tirikligini isbotlay olmadi

Jahon 08:02 / 17.03.2018 11293

2016 yilda o‘lgan deb tan olingan, Ruminiyaning Vasluy uyezdida yashovchi 63 yoshli Konstantin Reliu sudda tirikligini isbotlay olmadi va xatolik tufayli berilgan o‘lim haqidagi guvohnomani bekor qilolmadi. Bu haqda Ruminiya OAV xabar bermoqda.    

Agerpres axborot agentligining ta'kidlashicha, erkak jarayonni sudga juda kech murojaat qilgani sababli yutqazgan. Endi u yuridik tomondan mavjud emas hisoblanadi.

“Men tirik bo‘lsam ham, hujjatlarga ko‘ra o‘likman. Mening birorta daromad manbaim yo‘q, biror joyga ishga kira olmayman, bu davlatda biror ish qila olmayman”, deb aytgan Reliu sud jarayonidan keyin. 

Foto: NTV

Gap shundaki, Reliu Ruminiyadan Turkiyaga 1992 yilda pul topgani ketgan. U oilasi bilan arazlashib qolgani sababli qarindoshlari bilan barcha aloqalar uzilib qolgan. 2013 yilda uning rafiqasi eridan shuncha yillar ichida biror xabar bo‘lmagach, sudga uni o‘lik deb tan olish iltimosi bilan murojaat qilgan. Ayolning da'vosi 2016 yilda qondirilgan. 

2018 yilda Turkiya hukumati Reliuning hujjatlari muddatidan o‘tib ketganini aniqlab, uni Ruminiyaga jo‘natib yuborgan. U vataniga kirayotganda o‘lik ekanligi aniqlangan. Ruminiya OAVning ta'kidlashicha, erkak adolat qaror topishi uchun sudga takroran murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: