O‘zbekiston Tojikiston fuqarolarini mamlakat hududiga vizasiz kirita boshladi

O‘zbekiston 13:51 / 16.03.2018 14546

O‘zbekiston Tojikiston fuqarolarini o‘z hududiga vizasiz kirita boshladi, lekin u yerda bo‘lish shartlari o‘zgarishsiz qoldi, deb yozmoqda “AP”.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 14 martdagi qaroriga binoan mamlakat chegarachilari bugungi kundan boshlab Tojikiston fuqarolarini vizasiz 30 kungacha muddatga davlat hududiga kirita boshladi, deb xabar bergan nashrga Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlaridagi manba.

«Bugundan qo‘shni davlat hududiga borish uchun faqat xorijga chiqish pasporti (diplomatik, xizmat, umumfuqarolik) bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, O‘zbekiston hududida Tojikiston fuqarolarining bo‘lish shartlari o‘zgarmadi - avvalgidek, O‘zbekistonga kelgan tojiklar uch ish kuni ichida mahalliy ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tishga majburlar», - deya xabar bergan manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Tojikiston fuqarosining O‘zbekistonda qarindoshi bo‘lsa, u qarindoshining yashash manzilida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin, bunda 5 AQSh dollari miqdorida boj to‘lanadi.

«Agar tojikistonlik fuqaro sayyoh sifatida O‘zbekistonga tashrif buyuradigan bo‘lsa, u mehmonxonadagi yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olinadi, ayni paytda u yuqorida ko‘rsatilgan bojni to‘lashi kerak bo‘ladi», - deya ta'kidlab o‘tgan manba. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonga o‘z avtomobillarida kirib kelayotgan Tojikiston fuqarolari O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan bojni to‘laydilar.

«Bu holatda boj miqdori mashina dvigatelining hajmiga bog‘liq. Masalan, «Toyota Korola» markali avtomobil boji 45 dollarni tashkil etadi», - deya xabar bergan manba.

Shu bilan birga, manbaning ta'kidlashicha, bugungi kunda tomonlar o‘rtasida ikki davlat fuqarolarining bir-biri hududida rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddatini uzaytirish bo‘yicha maslahatlashuvlar davom etmoqda. 

«Tomonlar, shuningdek, transport vositalarining bir-birining hududiga kirishi uchun bojni to‘liq bekor qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda», - deya xabar bergan manba.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Navro‘z bayrami arafasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining o‘zaro kelib ketishlari to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlagandi. Unga ko‘ra, Tojikiston fuqarolari 16 martdan boshlab O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: