Sayyor kassalar pensiya va nafaqalarni qanday to‘laydi?

O‘zbekiston 12:54 / 16.03.2018 16595

Moliya vazirligi va Markaziy bank Boshqaruvining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Aktsiyadorlik tijorat Xalq banki bo‘linmalari orqali ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni to‘lashni tashkil etish to‘g‘risida yo‘riqnoma tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma. 
 
Eslatib o‘tamiz, 1.07.2017 yildan boshlab pensiya va nafaqalarni to‘lash funksiyalari pochta bo‘linmalaridan Xalq banki bo‘linmalariga o‘tkazilgan.
 
Yo‘riqnomada pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni yetkazib berish, qaydnomalarni rasmiylashtirish, to‘lovlar to‘lanishini nazorat qilishni tashkil etish, to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni solishtirish qoidalari belgilangan.
 
Sayyor kassalar quyidagilarni to‘laydilar:

• davlat pensiyalari;
• zarur ish stajiga ega bo‘lmagan, keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar;
• bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqalar;
• bola tug‘ilganda beriladigan nafaqalar;
• dafn etishga nafaqalar;
• avtobenzin sotib olish xarajatlari uchun hamda uy-joy-kommunal xizmatlari to‘lovlari bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovlari;
• O‘zbekiston hududida yashovchi, Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan fuqarolarga, shuningdek, 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilariga har yili sanatoriylarda sog‘lomlashtirish kursini olish o‘rniga kompensatsiya pul to‘lovlari;
• Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan fuqarolarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya- yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslarga yillik bir yo‘la moddiy yordam pullari;
• 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yillik bir martalik pul mukofotlari;
• pensiya va nafaqalardan aliment to‘lovlari;
• tugatilgan tashkilotlar xodimlariga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zarar summalari. 
 
Ko‘rsatilgan to‘lovlar Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan aholining yashash joylariga yetkazib beriladi hamda fuqarolar yig‘inlari binolarida yoki boshqa ma'muriy binolarda naqd shaklda topshiriladi. 
 
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, mustaqil harakatlanish va tegishli to‘lovlarni sayyor kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga pul mablag‘lari bevosita ularning yashash joyiga yetkazib beriladi. Bunday shaxslar ro‘yxati har oyning 27-sanasiga qadar shakllantiriladi hamda hududiy pensiya bo‘limiga elektron va yozma shaklda taqdim etiladi.
 
Pul mablag‘larini yetkazib berish sanasi har bir fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kesimida, biroq har oyning 27-sanasidan kechiktirmay belgilanadi. Pensiya va nafaqalarni to‘lash muddati dam olish va bayram kunlariga to‘g‘ri kelganda, ularni to‘lash muddatidan oldin amalga oshirilishi lozim.
 
Hujjat 14.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: