Mun Je Inning O‘zbekistonga tashrifi vaqtida yangi MTM ochiladi

O‘zbekiston 18:51 / 16.03.2018 9185

Bugun maktabgacha ta'lim vaziri A.Shin va Janubiy Koreyaning New Millennium kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur kompaniya asosan qurilish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Shu bois, ushbu kompaniya vakillari orasida loyihachilar va qurilish bo‘yicha yetti kishidan iborat mutaxassislar tashrif buyurishgan. Shuningdek, uchrashuv davomida  maktabgacha ta'lim vazirligi mutaxassislari, M.Ulug‘bek tuman hokimiyati mas'ullari va “ToshuyjoyLITI” aksionerlik jamiyati vakillari ham ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Tomonlar joriy yilning may oyi yakuni bilan M.Ulug‘bek tumanidagi №324 maktabgacha ta'lim muassasasini Koreya loyihasi asosida kapital ta'mirdan chiqarish yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi.

140 o‘rin 6ta guruhga mo‘ljallangan mazkur bog‘chaning faoliyati 2010 yildan buyon to‘xtatilgan bo‘lib, 2015 yildan buyon esa Mirzo Ulug‘bek tuman xalq ta'limi bo‘limining ma'muriy binosi sifatida foydalanilgan.

Uchrashuv davomida koreyalik mehmonlar o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan istiqboldagi rejalarni muhokama qilishib, MTM qayta qurish borasidagi huquqiy asoslar yuzasidan fikr almashishdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur maktabgacha ta'limi muassasasi 2018 yilning may oyida mamlakatga Koreya Respublikasi prezidenti Mun Je Inning rasmiy tashrifi davomida ochilishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: