Konte uchun oxirgi imkon - Angliyada Yupanch Kubogi. Haftaning asosiy o‘yinlari anonsi

Sport 20:20 / 16.03.2018 10868

Yevrokuboklarda nimchorak finallar nihoyasiga yetdi va kelasi haftada terma jamoalar o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushadi. Mana shu oraliqda Yevropa navbatdagi tur o‘yinlarini o‘tkazib oladi. Bu safar ham juda ko‘p qiziqarli to‘qnashuvlar bor: Angliyada Yupanch kubogi, Turkiyada Istambul derbilari, Fransiyada «Olimpik»lar bahsi, Ispaniyada Klassiko...

Eng muhimi, bu turdan boshlab Bundesliga kubogi u stadiondan bu stadionga tashila boshlansa kerak. Zero «Bavariya» mana turning o‘zidayoq rasman chempionlik masalasini hal qilishi mumkin. Mart oyining o‘rtalarida kuchli beshlik o‘zining ilk chempionini bilib olsa ne ajab...

ANGLIYa KUBOGI. ChORAK FINAL

Ushbu haftada Angliyada tur o‘yinlari to‘liq o‘tkazilmaydi. Chunki APLda qatnashadigan 7 jamoa Angliya kubogi chorak finalida to‘p suradi. Avvalgi har bir bosqichda bittadan top klub – «Liverpul», «Arsenal» va «Manchester Siti» qo‘yi liga klublaridan mag‘lubiyatga uchrab musobaqani tark etishgan. O‘tgan yili yarim finalda o‘zaro to‘qnashgan «Chelsi» va «Tottenhem», ikki yil oldingi kubok sohibi «Manchester Yunayted» va o‘sha yilgi mamlakat chempioni «Lester» musobaqada kurashni davom ettirmoqda. Kuni kecha Mark Hyuzni yangi murabbiy sifatida tanishtirgan «Sauthempton» ham favoritlarga muammo tug‘dirishi mumkin.

Qizig‘i, ushbu turnirda maydonga tushadigan uchchala top jamoa ham Yevropa Chempionlar Ligasida 1/8 finalda mag‘lubiyatga uchradi. Demak bu jamoalar uchun bu sovrin mavsumda qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan so‘nggi umiddir. Aksincha, yevrokuboklarda davom etadigan «Manchester Siti», «Liverpul» va «Arsenal» esa, yuqorida aytilganidek, bu bosqichga yetib kela olishmadi.

Shanba kuni soat 17:15da «Suonsi» «Tottenhem»ni qabul qiladi. O‘sha kuni kechasi, soat 00:45da «Old Trafford»da mezbonlar «Brayton»ga qarshi maydonga tushishadi. Yakshanba kuni yana ikki o‘yin ko‘zda tutilgan: «Uigan» – «Sauthempton» (18:30) va «Lester» – «Chelsi» (21:30).

Dushanba kuni «Manchester Siti» «Stok Siti»ni yengganida «Chelsi» chempionlik uchun nazariy maksimum jihatdan imkoniyatlarini ham yo‘qotgandi. Jamoada kuchli to‘rtlikka kirish uchun ham imkoniyat kam, garchi, asosiy raqobatchi «Tottenhem» asosiy futbolchisi Harri Keynni jarohat tufayli ancha muddatga yo‘qotgan bo‘lsada. Chorshanba kuni londonliklar Barselonada yirik hisobda tor-mor etildi va Chempionlar ligasini tark etdi. Endilikda Antonio Kontening iste'fosi haqida ko‘p gapirishmoqda. Italiyalik mutaxassis mavsum oxiriga qadar ishda qolishi uchun Angliya Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etishi talab etiladi.

FeNeRBAHChe – GALATASAROY (17 mart, 21:00)

«Fenerbahche» muxlislari / Foto AFP

Bu hafta Turkiya superligasi nafaqat Istanbul buyuk derbisi, balki turnir nuqtai nazaridan ham, chempionlik uchun ayovsiz kurashning guvohi bo‘lamiz. 53 choko bilan turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turgan «Galatasaroy» 47 ochko to‘plagan «Fenerbahche» mehmoni bo‘ladi. Mezbonlar bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali chempionlik intrigasini yuqoriga ko‘tarishlari mumkin yoki aksincha, mag‘lubiyat «sariq-qoralar»ni sovrin umididan butunlay mosuvo qiladi.

Jamoalarning o‘zaro statistikasi, ayniqsa, so‘nggi yillarni olsak, butunlay tenglikni ko‘rsatmoqda. Oxirgi 24 derbida tomonlar 8 martadan g‘alaba qozonishgan va shuncha o‘yinda durang qayd etilgan. Ushbu mavsumdagi dastlabki uchrashuvda hisob ochilmagandi.

Shu o‘rinda bu jamoalar orasida 50 ochkodan to‘plab, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni band etib turgan «Beshiktosh» va «Istanbul» ham borligini e'tiborga olsak, Superligada ushbu mavsum so‘nggi nihoyatda qiziq o‘tishini hozirdan aytish mumkin.

Qizig‘i, bu ikki jamoa ham aynan shu turda o‘zaro duch keladi. Yuqoridagi o‘yindan roppa rosa bir kun o‘tib, ya'ni 18 mart kuni soat 21:00da boshqa bir Istanbul derbisi – «Istanbul» - «Beshiktosh» uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.


BARSeLONA – ATLeTIK (18 mart, 20:15)

Ispan futboli klassikosi, Kataloniya va Baskoniya to‘qnashuvi. Har qancha reklama qilmaylik, tan olish kerak, statistika to‘liq mezbonlar foydasiga – so‘nggi 25 o‘yindan atigi 3tasida «Atletik» g‘alaba qozongan, xolos. La Liga doirasidagi bilbaoliklarning so‘nggi g‘alabasi 4 yil oldin ro‘y bergan va o‘shandan buyon faqat «Barselona» ustun kelmoqda.

Ammo har qanday holatda bu o‘yinning keskin o‘tishi ma'lum, eng kutilmagan paytlarda «Atletik»ning aynan «Barselona»ga qarshi eng yaxshi o‘yinlarini o‘tkazishi sir emas. Misol uchun, 2014/15 mavsumi oldidan basklar Ispaniya superkubogi bahsida 4:0 hisobida zafar quchgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.

Bundan tashqari, Ernesto Valverdening sobiq jamoasiga qarshi o‘yini ham o‘yinni diqqat markazimizga olib keladi. Hozirgi «Atletik»ning shakllanishida ushbu murabbiyning o‘rni katta va u endi shu ishni «Barselona»da qilmoqda.

Murabbiyning sobiq jamoasiga qarshi avvalgi o‘yini 2:0 hisobida yangi jamoasi foydasiga hal bo‘lgandi.

LeYPTsIG – BAVARIYa (18 mart, 22:00)

Foto AFP

«Bavariya» 20 ochkolik farq bilan eng yaqin ta'qibchisidan o‘zib ketdi va bu ko‘rsatkich kuchli beshlikdagi eng katta ustunlikdir. Agar «Shalke» va «Borussiya» bu turda ochko yo‘qotib, «Bavariya» raqibini yengadigan bo‘lsa, Haynkes shogirdlari shu haftadayoq rasman chempionlik masalasini hal qiladi. Mart oyida, terma jamoalar kunlari uchun tanaffusga chiqish oldidan chempionat masalasini rasman hal qilish «Bavariya»ga boshqa turnirlar uchun xotirjam tayyorlanish imkonini beradi.

Shubha yo‘q, «Bavariya» bugun bo‘lmasa, keyingi turda chempionlikni nishonlaydi, uning raqibi «Leyptsig» uchun esa, bu o‘yindagi ochkolar suv va havodek zarur. O‘tgan yilgi Bundesliga debyutanti qatorasiga ikkinchi marta YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga urinmoqda. Oltinchi o‘rinni egallab turgan «Leyptsig»ni kuchli to‘rtlikdan 4 ochko ajratib turibdi xolos.

Jamoalar o‘zaro 4 marta uchrashishgan. Bundesligada uch o‘yinda «Bavariya» ustun kelgan bo‘lsa, oktabrda Germaniya kubogi o‘yinida tomonlar teng kelib, penaltilar seriyasigacha borishgandi. Bu bahsda ham «Bavariya»ning qo‘li baland kelgan. Ayniqsa, o‘tgan mavsumda shu stadionda bo‘lib o‘tgan o‘yin ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. 84-daqiqagacha 2:4 hisobida oldinda borgan mehbonlar o‘sha daqiqada hisobni qisqartirib, qo‘shib berilgan daqiqalarda yana ikki gol urishgan va 5:4 hisobida g‘alaba qozonishgandi.

Har ikki jamoa shu hafta o‘rtasida yevrokuboklarda ham maydonga tushdilar va keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega bo‘ldilar. «Bavariya» Turkiyada, «Leyptsig» esa Rossiyada «Zenit»ga qarshi o‘yinda o‘ziga kerakli hisobni qayd etdi.  

VILYaReAL – ATLeTIKO (18 mart, 22:30)

O‘tgan turda «Atletiko» Barselonada mag‘lubiyatga uchradi va o‘rtadagi farq 8 ochkoga yetdi. Shunday bo‘lsa-da, Ispaniyada poyganing to‘liq yakunlanganini aytish qiyin. Hali yana 10 tur bor va «Barselona»ning YeChLda qantashayotganini e'tiborga olsak, «Atletiko» o‘z o‘yinlarini yutib, raqibining xato qilishidan umid qilishi mumkin.

Rostan ham hech bo‘lmasa yana bir oy mana shu yo‘sinda davom etiladimi yoki umuman «Barselona» farqni yana oshirib, barcha masalaga nuqta qo‘yiladimi, qaysidir ma'noda shu o‘yin javob beradi. «Vilyareal» anoyi raqib emas, ayniqsa, kuchli jamoalar bilan o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata olgan.

Jumladan, hozir kuchli to‘rtlikda borayotgan «Real» va «Valensiya» maydonidan «Vilyareal» g‘alaba bilan qaytgandi. «Visente Kalderon»dan ham «sariq submarina» quruq qaytmagan – o‘sha o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi. O‘tgan mavsumda «Vilyareal» madridliklarni yirik - 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratganliklarini ham eslab o‘tish kerak.

Xullas, ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q bo‘lgan «Atletiko» va o‘z muxlislari qarshisida zavq bilan to‘p suradigan «Vilyareal»ning o‘yini juda qiziq bo‘lishini bemalol aytish mumkin. Boshqa tomondan, «Atletiko»ning bu o‘yindan ikki kun oldin uzoq Moskvaga safar qilgani qaysidir ma'noda uchrashuv shiddatiga rahna solar balki. Ko‘ramiz. 

ReAL – JIRONA (19 martga o‘tar kechasi, 00:45)

«Jirona» so‘nggi o‘yinlarni juda kuchli o‘tkazmoqda va 5-o‘rindagi «Sevilya»ga atigi 2 ochko masofasiga yaqinlashib, hatto yevrokuboklarda qatnashish imkoniyati uchun kurashishni boshladi, deyish mumkin. Oxirgi besh o‘yinda kataloniyaliklar faqat «Barselona»dan mag‘lubiyatga uchrashdi xolos, qolgan to‘rt o‘yinda 8 gol urib, birorta ham to‘p o‘tkazib yubormadi, to‘rtala o‘yinda ham g‘alaba qozondi.

Shuningdek, jironaliklar birinchi davrada «Real»ga qarshi o‘zlarining mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlarini o‘tkazib, 2:1 hisobida g‘alaba qozonganliklarini unutmaslik kerak.

«Real» juda yaxshi va barqaror davrni boshdan kechirdi. Bir oydan sal ko‘proq vaqt davomida madridliklar 10 uchrashuvda maydonga tushishda va to‘qqiztasini o‘z foydalariga hal qilishdi. Ayniqsa, «PSJ» bilan o‘yindagi g‘alaba «Real»ning yangi relsga tushib olganini tasdiqlaydi.

Krishtianu Ronalduning ham har doimgidek, bahorga kelib yaxshi sport formasiga qaytayotganini ham ko‘ryapmiz. U La Ligada o‘zi maydonga tushgan so‘nggi uch o‘yinida ham dubl qayd etdi va urgan gollari sonini 18taga yetkazishga ham ulgurdi.   

MARSeL – LION (19 martga o‘tar kechasi, 01:00)

Foto AFP

Alohida o‘yinlarda va ba'zi pallalarda juda yaxshi salohiyat namoyish eta olgan, ammo barqarorlik yetishmayotgan ikki «Olimpik» YeChL yo‘llanmasi uchun to‘qnashadi. Marselliklar raqibidan 5 ochko oldinda borishmoqda va bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali, bu kurashda yaqqol favoritga aylanib oladi.

«Lion»ning esa, ko‘rsatkichlari asosan Nabil Fekirga bog‘liq ekani yana bir bor isbotlandi. Ushbu futbolchining jarohatidan so‘ng, lionliklar yana pastga sho‘ng‘ishni boshlashdi. Fekir bu o‘yinda ham jamoasiga yordam bera olmaydi, uning maydonga qaytishi aprel oyining o‘rtalariga mo‘ljallangan.

Shunday bo‘lsa-da, bir tarafdan Toven, Payyet, Okampos, Jyermen, ikkinchi tarafdan, Depay, Dias, Korne kabi iqtidorli futbolchilar to‘qnashuvi muxlislarga qiziq bo‘lsa kerak. Jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida Fekir va Diasning gollari yordamida mezbonlar 2:0 hisobida zafar quchgandi.

Har ikki jamoa ham payshanba kuni Yevropa Ligasi nimchorak finalida to‘p surdi. «Marsel» vazifani uddalagan bo‘lsa, «Lion» kutilmaganda TsSKAga o‘z maydonida imkoniyatni boy berdi. 

BOShQA O‘YINLAR

17 mart:  LIVeRPUL – Uotford (22:30), SPAL – YuVeNTUS (18 martga o‘tar kechasi, 00:45)

18 mart: MILAN – Kevo (19:00), NAPOLI – Jyenoa (19 martga o‘tar kechasi, 00:45)

Ko‘proq yangiliklar: