«Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori qabul qilindi

O‘zbekiston 21:39 / 16.03.2018 65586

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Iste'dodli va salohiyatli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish, xalqaro talablar va standartlar asosida futbol bo‘yicha murabbiy va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 5 martdagi PF-5368-sonli Farmoniga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va «O‘zbekneftgaz» AJning quyidagi takliflari ma'qullansin:

- «Bunyodkor» stadionining butun majmuasi va inshootlari (bundan keyin — «Bunyodkor» stadioni) futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot  jarayonlarini tashkil etish va sport musobaqalari hamda boshqa tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining asosiy bazasi hisoblanadi;

- Joylarda yosh iqtidorli va salohiyatli futbolchilarni tanlab olish (seleksiya) va ularni professional tarzda tayyorlash hamda  milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshida Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini tashkil etish;

- bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalariga murabbiylarni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan kelishgan holda ishga qabul qilish tartibini joriy etish;

- O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol bo‘yicha murabbiylar va hakamlarni tayyorlash Respublika maktabi tugatilib, murabbiylar va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish vakolatini O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga topshirish;

- O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash Fondi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi filiallarini tugatish hamda bo‘shab qolgan mablag‘larni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yo‘naltirish;

2. 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish Dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi, Yoshlar Ittifoqi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining quyidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin:

- Fuqarolar yig‘ini raislari o‘rinbosarlari – Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilar zimmasiga voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha mahalla fuqarolari yig‘ini komissiyasi rahbari vazifasini yuklash;

- Fuqarolar yig‘ini raislarining o‘rinbosarlari – Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi qoshidagi Fond hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibini joriy etish;

4. Voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha fuqarolar yig‘inlarining komissiyalari:

- Tuman (shaharlar)dagi jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ning hududiy bo‘linmalari bilan futbol va boshqa sport turlarini ommaviylashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, mahallalardagi iqtidorli va istiqbolli bolalarni saralab olish (seleksiya) ishlarini tashkil qiladi;

- mahallalarda futbol maydonlari va boshqa sport inshootlarini obodonlashtirish bo‘yicha joylardagi hokimiyat organlari, jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari (shaharlar), O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalariga yordam beradi.

5. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi O‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi, Yoshlar Ittifoqi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ikki oy muddat ichida:

- davlat-xususiy sektor hamkorligida mahallalarda futbol maydonlari qurishga mo‘ljallangan «Har bir mahallada futbol maydoni» Dasturi;

- fuqarolar yig‘inlari raisining o‘rinbosarlari - yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarni moddiy rag‘batlantirish tartibi bo‘yicha hukumat qarorlarining loyihalarini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.

6. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimiyatlarining quyidagi takliflari ma'qullansin:

- O‘zbek futbolining 105 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar uchun Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida zamonaviy futbol stadioni qurilishi hamda stadion qurilishini moliyalashtirish xayriya mablag‘lari va Farg‘ona viloyati hokimligining mahalliy byudjyeti tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha;

- Sud tomonidan davlat mulkiga aylangan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Sijjak» dam olish zonasi negizida moliyalashtirish manbalari sifatida xayriya mablag‘lari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Toshkent viloyati mahalliy byujdetini belgilagan holda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasi tashkil etish bo‘yicha;

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida Qo‘qon shahrida stadion qurilishi va Bo‘stonliq tumanida o‘quv bazasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.

7. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida ixtisoslashtirilgan Davlat maktab-internatlari faoliyati tanqidiy o‘rganib chiqilsin va natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagi qarorlarni ko‘zda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritsin:

- Ixtisoslashtirilgan Davlat maktab-internatlari bazasida 14ta hududiy bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini tashkil qilgan holda ularni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga hozirgi moliyalashtirish tartibini saqlagan holda o‘tkazish bo‘yicha;

- Futbol bo‘yicha qolgan Ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlarini  boshqa Olimpiya va milliy sport turlari, shu jumladan, hududlarda rivojlantirishning zaruriyati va ustuvorligini inobatga olgan holda sportning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha internat maktablariga aylantirish bo‘yicha;

- bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalariga, shuningdek qayta tiklangan davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga beriladigan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va jihozlashni bosqichma-bosqich amalga oshirish dasturini tasdiqlash bo‘yicha;

- Olimpiya zaxiralari maxsus maktab-internatlarida futbol bo‘limlarini Olimpiya va milliy sportga, shu jumladan sportning jamoaviy o‘yin turlariga qabul qilish uchun bo‘shatilgan kvotalar yo‘nalishi bo‘yicha qisqartirish;

- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini «Bunyodkor» stadioniga joylashtirish.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

- «Bunyodkor» stadioni bino va inshootlarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” MChJ «Bunyodkor» stadionining ishchi tashkiloti hisoblanadi ;

- moliyalashtirish manbalari «Bunyodkor» stadioni bino va inshootlaridan foydalanish bo‘yicha direksiya MChJ (bundan buyon Direktsiya deb yuritiladi),  shuningdek, «Bunyodkor» stadionidan foydalanish va saqlash uchun sarflanadigan xarajatlari «O‘zbekneftegaz» AJ va Direktsiya, shuningdek, qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa manbalar;

«O‘zbekneftegaz» AJ bir oy muddat ichida «Bunyodkor» stadioni bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha Direktsiya» MChJ ta'sis hujjatlariga Direktsiya O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshida faoliyat ko‘rsatishini ko‘zda tutgan holda tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta'minlasin.

9. O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston  Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining faoliyati va unga yuklatilgan vazifalarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash bo‘yicha kiritgan quyidagi takliflari ma'qullasin:

- Sport va ommaviy jismoniy tarbiya yillik taqvim rejasida ko‘zda tutilgan  tadbirlar uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjyetidan ajratilgan mablag‘lar;

- Bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish uchun O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar;

- O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

- Homiylar, saxovatpeshalar, shuningdek, Qonunchilikda ta'qiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar. 

10. 2023 yilning 1 yanvariga qadar quyidagi to‘lovlardan ozod etilsin:

- Davlat maqsadli jamg‘armalarga majburiy to‘lov va barcha soliq turlaridan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, «O‘zbekiston Professional futbol ligasi» jamoat tashkiloti va professional futbol klublari;

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha tasdiqlangan futbol bo‘yicha sport inshootlarining moddiy-texnik bazalarini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan O‘zbekistonga olib kiriladigan sport vositalari, maxsus professional sport kiyimlari va jihozlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, jumladan,  maxsus transport vositalari;

- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston professional futbol ligasi jamoat tashkiloti va professional futbol klublari tomonidan jalb qilinadigan jismoniy shaxslar - xorijiy mutaxassislarning daromadiga solinadigan soliqlar. 

11. Quyidagilar belgilab qo‘yilsinki:

- Yuridik shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlaridan daromad solig‘i summasi Assotsiatsiyaning hududiy bo‘limlari, O‘zbekiston professional futbol ligasi va professional futbol klublariga homiylik hamda xayriya qilinganda  o‘n foizdan oshmagan miqdorda  kamaytiriladi;

- Futbolchi va mutaxassislar (murabbiy, hakam, nazoratchi), jumladan, xorijiy mutaxassislarga mashg‘ulot hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari paytda beriladigan ovqat pullari hamda mukofotlash xarajatlari jismoniy shaxslarning daromadlari sifatida kiritilmaydi.     

12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi talabnomasiga ko‘ra xorijdan jalb qilinadigan mutaxassislarga kirish vizalarini rasmiylashtirish konsullik xizmati va boshqa yig‘imlarsiz ta'minlansin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi talabnomasiga ko‘ra xorijdan jalb qilinayotgan mutaxassislarga ko‘p marotabali viza berish va uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish va yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishni uzaytirish uchun Davlat bojlarini undirmasdan amalga oshirishni ta'minlasin.  

14. Mehnat munosabatlari va bandlikka ko‘maklashish vazirligi belgilangan tartibda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi talablariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, ko‘rsatilgan xorijlik fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqini tasdiqlash uchun belgilangan to‘lovlarni olmasdan amalga oshirishni ta'minlasin. 

15. Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga, Toshkent shahar hokimligi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda «Bunyodkor» stadionini O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi balansiga o‘tkazilishini ta'minlasin. 

16. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi Adliya vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin:

- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari rahbar va ma'muriy xodimlari tarkibining (apparatlari) taxminiy tuzilmasini yangilash, shuningdek, xodimlarning moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;

- Ushbu Farmondan kelib chiqadigan qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish. 

17. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.X.Isroilov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi U.M.Ahmadjonov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  Sh.Mirziyoyev

Ko‘proq yangiliklar: