Chekka va olis Jartepada yangi bolalar bog‘chasi ochildi

O‘zbekiston 20:36 / 16.03.2018 6792

Urgut tumanidagi 62-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi negizida bolalar bog‘chasi filiali ochildi. U Tojikiston Respublikasi chegarasida yaqinida joylashgan Samarqand viloyati Urgut tumani Jartepa mahallasining eng chekka va olis aholi punktlarining birida joylashgan. Bu haqda Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
  
50 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu muassasada ta'lim-tarbiya ishlari "Bolajon" dasturi asosida olib boriladi. Bolalarning ingliz tili bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni chuqur egallashi, ularning intellektual qobiliyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shuningdek, tarbiyalanuvchilar uchun badiiy gimnastika, shashka va shaxmat bo‘yicha sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bolalar bog‘chasida kam ta'minlangan oilalarning farzandlari uchun imtiyozli to‘lov joriy etilgan.  

MTM filiali ochilishida Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev ishtirok etib, u yangi, shinam bolalar bog‘chasida to‘laqonli ta'lim-tarbiya jarayoni, bolajonlarning kamolga yetishi va ularning salomatligini mustahkamlash yo‘lida barcha sharoitlarni yaratib berishlariga ishonch bildirdi: «Bolalar bog‘chasi mo‘'jaz Jartepa qishlog‘i bolajonlarining iqtidorini ro‘yobga chiqarish maskaniga aylanadi». 

Ko‘proq yangiliklar: