1 maydan xususiy klinikalarga ruhiy holat buzilishini davolashga ruxsat beriladi

O‘zbekiston 17:36 / 16.03.2018 7905

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat qayd etilishicha, psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasidagi ishlar holatini kompleks o‘rganish aqliy rivojlanishdagi buzilishning sabablari va shart-sharoitlarini erta aniqlashga, tibbiy xizmatlarning sifatiga salbiy ta'sir qiluvchi qator tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini aniqladi.

Qaror bilan aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

davolash, profilaktika ishlari va ruhiy holatning buzilishini erta aniqlashni tashkil etishning vertikal yaxlit tizimini shakllantirishni ta'minlash orqali psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini samarali boshqarish mexanizmini joriy etish;

mamlakatning har bir aholi punktida aholining barcha toifalari, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar uchun sifatli va qulay psixiatriya yordami ta'minlash, shuningdek, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash uchun dori vositalariga sarflanadigan xarajatlarning yagona majburiy normativlarini belgilash;

aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, psixiatriya muassasalarining vrach-psixiatrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularning malakasini muntazam ravishda, shu jumladan, xorijning yetakchi klinikalari va tibbiyot tashkilotlarida oshirib borish;

O‘zbekiston Respublikasi psixiatriya xizmati muassasalarining ayrim funksiyalarini sog‘liqni saqlashning xususiy sektoriga o‘tkazish, aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun investitsiyalar jalb qilish;

o‘z joniga qasd qilishga uringan shaxslarga tunu kun shoshilinch yordam ko‘rsatilishini ta'minlash, shu jumladan, o‘z joniga qasd qilishning asl sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish, o‘z joniga qasd qilishning har bir holati haqida psixiatriya muassasalarini zudlik bilan xabardor qilish;

psixiatriya sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, ularning natijalari va yutuqlarini ruhiy holati buzilishining oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlarni takomillashtirishga xizmat qiladigan amaliy faoliyatiga keng joriy etish;

aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimining samarali faoliyatini ta'minlovchi huquqiy bazani takomillashtirish, psixiatiriya muassasalarining, shuningdek, ular bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni tibbiyotning zamonaviy asbob-uskunalari va texnikalari bilan jihozlash.

2018 yil 1 maydan boshlab xususiy tibbiyot tashkilotlariga ruhiy holat buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha aholiga ayrim xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat etiladi.

2018 yil 1 oktabrdan boshlab dispanser kuzatuvi ostidagi shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat bo‘lganliklari, berilgan dori vositalari, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat bo‘lgan, shuningdek, bu sohadagi ishlarning holati to‘g‘risida tezkor axborot olish imkonini beruvchi ushbu shaxslarning yagona elektron reyestri yuritilishi amaliyotga joriy etiladi.

2018 yil 1 apreldan boshlab ichki ishlar organlari o‘z joniga qasd qilingan har bir holat to‘g‘risida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar berishi belgilab qo‘yildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 mayga qadar bo‘lgan muddatda psixiatriya muassasalarini o‘z joniga qasd qilish harakatlari to‘g‘risida majburiy ravishda xabardor etish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlaydi, shuningdek, aholi o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalarini o‘rganadi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hay'at majlislarida muhokama qilib boradi.

Ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan, nogironlarning mehnat terapiyasi, ularni yangi kasblarga o‘qitish va ishga joylashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi psixiatriya muassasalari hududida davlat-xususiy sheriklik shartlarida davolash-ishlab chiqarish korxonalari tuziladi.

Davolash-ishlab chiqarish korxonalari 2018 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 yanvargacha yer solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va mulk solig‘idan, shuningdek, yagona soliq to‘lovidan ozod qilindi.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab davlat granti asosida “psixiatriya” yo‘nalishi bo‘yicha magistrlarni tayyorlash yuzasidan oliy tibbiyot ta'lim muassasalariga, jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasiga – 15 nafar, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat tibbiyot institutiga – 10 nafardan qabul kvotalari oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi tarkibida vazirlikning umumiy boshqaruv xodimlari soni doirasida 3 birlik miqdorda psixiatriya yordami masalalari bo‘yicha bo‘lim tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki hafta muddatda yangi tuzilayotgan bo‘limni yuqori malakali kadrlar, birinchi navbatda, tajribali vrach-psixiatr va nevropatologlar bilan to‘ldiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab:

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Andijon davlat tibbiyot institutlarida bazaviy tibbiyot ma'lumotiga ega bo‘lgan vrachlar uchun ularning o‘rtacha oylik ish haqini saqlagan va xizmat safari xarajatlarini qoplagan holda “psixiatriya” va “suitsidologiya” yo‘nalishlarida ixtisoslashuv kurslarini tashkil qiladi;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali, Andijon davlat tibbiyot instituti va Samarqand davlat tibbiyot institutida “psixiatriya” yo‘nalishi bo‘yicha klinik ordinaturada o‘qish uchun o‘rinlar sonini 10 nafargacha oshiradi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shodmonov zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: