Kaspersky ommaviy smart-kameralarda zaif joylarni aniqladi

Fan-texnika 08:55 / 10.03.2018 5061

Antivirus dasturiy ta'minoti ishlab chiqaruvchi “Laboratoriya Kasperskogo” kompaniyasi Janubiy Koreyaning Hanwha Techwin smart-kameralarida jiddiy zaif joylarni aniqladi. Bu zaif joylar xakerlarga uzoqdan turib qurilma ustidan nazoratni qo‘lga olishga imkon beradi. Bu haqda kompaniya vakili Vladimir Dashenko ma'lum qildi.

Hanwha Techwin kameralari ko‘pincha videoenaga hamda uy yoki idoralardagi vaziyatni kuzatish uchun qo‘llanadi. Bu qurilmalar foydalanuvchi va boshqa qurilmalar (kompyuter, smartfon, planshet) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki bulutli xizmat orqali ishlaydi. Mutaxassisning aytishicha, aynan bulutli xizmat arxitekturasi turli tashqi ta'sirlarga zaif bo‘lib chiqqan.

Xakerlar bulutli xizmat va foydalanuvchi huquqlarini qo‘lga kiritib, kameradan boshqa qurilmalarga hujum qilishda foydalanishlari mumkin. Jumladan, xaker uzoqdan turib istalgan zararli kodni yuklashi va bajarishi, foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini o‘g‘irlashi, kamerani ishdan chiqarishi va boshqa shu kabi g‘araz amallarni bajarishi mumkin. Kompaniya tahlilchilari o‘z tadqiqotlari vaqtida bulutli xizmatda deyarli 2 mingta smart-kamerani aniqlashgan.

Kompaniya ushbu kamchiliklar haqida qurilmalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyani ogohlantirgan. Ayni vaqtda bu kamchiliklarning ba'zilari bartaraf etilgan, qolganlari esa yaqin orada tuzatiladi.

Ko‘proq yangiliklar: