Tesla kompaniyasi ilk bor o‘zining yangi elektr yuk mashinasi Tesla Semi yordamida mahsulotlarini belgilangan joyga jo‘natdi. Bu haqda 8 martda kompaniya rahbari Ilon Mask Instagram’da ma'lum qildi.
Mask ijtimoiy tarmoqda ikkita Tesla Semi’ning Nevadadan jo‘natilishi oldidan olingan suratini joylashtirdi. Uning ta'kidlashicha, yuk mashinalar kompaniyaning Nevadadagi zavodidan Kaliforniyadagi yig‘uv maydoniga akkumulyatorlar yetkazib beradi.
Gap Tesla Semi yordamida to‘laqonli sinov yetkazma haqida bormoqda. Yuk belgilangan joyga muvaffaqiyatli yetkazilgani-yo‘qligi haqida hozircha hech qanday ma'lumot berilmagan.
Yuk mashinaning 2019 yilda ommaviy ishlab chiqarilishi va sotilishi boshlanmoqchi.
Tesla Semi taqdimoti 2017 yil 16 noyabrda Tesla’ning Xotorn shahridagi konstruktorlik byurosi qoshidagi aerodrom angarida bo‘lib o‘tgan. Mashina 150 mingdan 200 ming dollargacha narxda sotiladi. Uning ishlash resursi 1,6 mln km yoki dunyo atrofida 40 marta aylanib chiqishga teng. Elektrofura yuksiz 96,6 km/soat tezlikka bor-yo‘g‘i 5 soniyada, maksimal yuklangan holatda esa 20 soniyada erisha oladi.
Tesla Semi yarimavtomat boshqaruv tizimi bilan jihozlangan, u haydovchi ishtirokisiz buyruqqa ko‘ra yurish polosasini o‘zgartirishi va bir shossedan ikkinchisiga burila olishi mumkin. Maskning aytishicha, yangi yuk mashinasi an'anaviy yuk mashinalaridan 20 foiz tejamkorroq. Mashinaning 30 daqiqa quvvatlanishi unga kamida 644 km yo‘l bosib o‘tishiga yetadi.