MWC 2018 ko‘rgazmasida hatto flagman smartfonlarisiz ham barchani ajablantirgan Samsung, Sony, Asus va bir necha xitoy kompaniyalari ajralib turdi. "Layfxaker" MWC 2018'ning eng yaxshi 8 gadjyeti haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.
Samsung Galaxy S9 va S9+
MWC 2018'da eng yaxshi anons Galaxy S9 seriyasining qayta ishlangan flagmanlarini namoyish qilgan Samsung bo‘ldi. Qurilmalar avvalgidek ikki o‘lchamdagi bir model sifatida taqdim etiladi, biroq endi ular faqat o‘lchamlari va akkumulyatorlari bilan emas, balki kameralari bilan ham ajralib turadi. Aynan kamera yangi qurilmalarning asosiy xususiyatlaridan biri sifatida baholandi.
Galaxy S9 va S9+ smartfonlari f/1,5'dan f/2,4'gacha o‘zgaruvchan diafragmali 12 megapikselli asosiy sensorga ega bo‘ldi. Bunday xususiyat turli yorug‘likdagi sharoitlarga - u xoh qorong‘ulik bo‘ladimi yoki yorqin quyoshli kunmi - yaxshiroq moslashish imkonini beradi. Kamera soniyasiga 60 kadrni o‘z ichiga olgan 4K-video yozishga hamda 960 kadrda o‘ta sekinlashtirilgan 720r-roliklar olishga qodir.
Samsung ham Apple izidan borib, katta diagonalli fabletni yana qo‘shimcha asosiy kamera bilan boyitishga qaror qildi. U ikki karra optik zum va orqa fonni sifatli xiralashtirish imkonini taqdim etadi, portret s'yomkani xush ko‘ruvchilarning bari bu imkoniyatni munosib baholaydi.
Sony Xperia XZ2
Xperia XZ2'ga uzoq kutilgan yangi qurilma deya ta'rif berish mumkin, zero bu so‘nggi bir necha yildagi haqiqatda yangicha dizaynga ega ilk Sony flagmanidir. Ishlab chiqaruvchi nafaqat an'anaviy shablondan uzoqlashishning uddasidan chiqqan, balki smartfonning raqib qurilmalarga o‘xshamasligini ham ta'minlagan.
Yangi dizaynga o‘tish 18 : 9 formatdagi yangi ekranlarga o‘tish bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Xperia XZ2 - zamonaviy, o‘ziga xos uslub va raqobatbardosh xususiyatlarga ega smartfon. U Snapdragon 845 protsessori, ajoyib HDR-displey va Dynamic Vibration System (DVS) texnologiyali barcha parametrlar bo‘yicha talabga javob beruvchi tovush tizimiga ega. Mazkur texnologiya film va o‘yinlarda ro‘y berayotgan hodisalarni yanada yaxshiroq his qilishga yordam beradi.
Flagman 19 Mp'li kamera bilan ta'minlangan. Uning asosiy fishkasi — soniyasiga 960 kadrda sekinlashtirilgan 1080p-video yozish imkoni mavjudligida. Hatto Galaxy S9'da ham bunday roliklar nisbatan pastroq sifatda (720p) yoziladi.
Huawei MateBook X Pro
Yangi Huawei flagmanlari ko‘rgazmada namoyish qilinmadi, biroq ishlab chiqaruvchi ularsiz ham e'tibor jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Kompaniyaning asosiy yangiligi MateBook X Pro ultrabuki bo‘ldi. Bu 450 nit yorqinlikka ega, 3 000 × 2 000 pikselli va eng qizig‘i, maksimal tor ramkali 14 dyuym ekran egasidir.
Displey ustida yoki ostida veb-kamerani o‘rnatish uchun joy topilmadi, shuning uchun ishlab chiqaruvchi uni klaviatura ustki qavatining maxsus klavishiga joyladi.
Intel Core i5/i7 chipi va NVIDIA MX150 grafikali kuchli xususiyatlarga qaramay, 1,33 kg vaznli korpus qalinligi - atigi 14,6 mm. Qurilma to‘liq hajmli USB 3.0, odatiy USB Type-C va hatto Thunderbolt 3'ni qo‘llab-quvvatlovchi USB Type-C'ga ega.
Nokia 8110 4G
Nokia o‘zining 8110 4G qurilmasini chiqarib, afsonaviy uyali telefonlarni qayta tiklash an'anasini davom ettirdi. Bu shakli va sariq rangi tufayli "banan" nomini olgan 90-yillardagi mashhur telefonning yangilangan varianti. Original telefon "Matritsa" filmi orqali ko‘pchilikka yaxshi tanish.
Avvalgi telefondan nafaqat shakl, balki slayder-panel ham "meros" qilib olingan. Telefon taniqli ijtimoiy tarmoqlarga kirish imkonini beruvchi ilovalar to‘plami va bir necha Google servislari bilan taqdim etilgan. 4G va Wi-Fi'ni qo‘llashi undan Wi-Fi-router sifatida foydalanish imkonini beradi.
Nokia 7 Plus
Nokia MWC ko‘rgazmasiga jami 5 qurilma olib keldi, ularning orasida Nokia 8 Sirocco flagmani ham bor edi, biroq o‘rta toifali Nokia 7 Plus modeli ham katta e'tiborga loyiq. Bu smartfonga ba'zi G‘arb jurnalistlari Pixel 2 XL'ning tejamkor varianti deya ta'rif berishdi, chunki qurilmalar old tomondan o‘xshash va ikkisi ham Android operatsion tizimida ishlaydi.
Nokia 7 Plus smartfoni Android One oilasiga mansub, bu esa uning asosiy yangilanishlarni birinchilar qatorida qabul qilishini bildiradi. Smartfon 18 : 9 tomonlar nisbatiga ega 6 dyuymli displey va tor hoshiyalar, kuchli Qualcomm Snapdragon 660 protsessori, 4 Gb operativ xotira va 3 800 mA·s akkumulyator bilan jihozlangan.
Smartfonning asosiy xususiyatlaridan biri ZEISS optikali 12 + 13 Mp'li asosiy kamera bo‘ldi. Ikkinchi sensor sifatni saqlab qoluvchi optik zumga mo‘ljallangan. Selfi uchun ZEISS linzali 16 megapikselli kamera mas'ul.
Asus ZenFone 5 va 5z
Asus'ning bu ikki smartfoni turli protsessor va xotira hajmiga ega bo‘ldi, biroq ular dizayn, o‘lchamlar va boshqa xususiyatlari bo‘yicha o‘xshash. Ikkisi ham iPhone X'dan ilhomlanib yaratilgan va ishlab chiqaruvchi buni yashirishga ham urinayotgani yo‘q. Apple flgamaniga o‘xshashlik nafaqat displeyning noan'anaviy ko‘rinishida, balki korpusning orqa paneli jihozlanishida ham namoyon bo‘lgan.
Har ikki smartfon kamerasi 12 Mp (f/1,8)li Sony IMX363 sensori va keng burchakli s'yomka (120°) uchun qo‘shimcha 8 Mp obektivni o‘ziga jamlagan. 8 megapikselli frontal kamera yordamida Apple animodzisiga o‘xshash animatsiyalashtirilgan ZeniMoji olish mumkin.
2018 yilning to‘laqonli flagmani ZenFone 5z top qurilmasi Snapdragon 845 chipi bilan ta'minlangan bo‘lib, u qator raqiblariga nisbatan hamyonbop. U Yevropada 479 yevroga baholanadi.
Vivo APEX
Innovatsion ishlanmalar bo‘yicha Vivo kompaniyasi butun sayyoradan oldinda bo‘lishga harakat qiladi. MWC'da namoyish qilingan APEX smartfoni bunga yaqqol misoldir. Bu seriyali model emas, bor-yo‘g‘i yaqin kelajak smartfonlari qanday bo‘lishini namoyish qiluvchi prototipdir.
Vivo APEX'ning asosiy xususiyatlaridan biri frontal panelning 98 foizini egallovchi ekran bo‘ldi. Bunday ko‘rsatkich uni smartfonlar orasidagi eng hoshiyasizi deb atash imkonini beradi. 8 Mp'li selfi-kamerani yuqori burchakka yashirishga to‘g‘ri keldi - u faollashtirilganda periskopga o‘xshab chiqib keladi.
Odatiy dinamikdan ham voz kechishga to‘g‘ri keldi, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri displeyning rezonansli shishasiga integratsiya qilingan. Shuningdek ekranga joylangan barmoq izlari skanerini ham alohida qayd etish joiz - boshqa smartfonlardan farqli o‘laroq, barmoqni ekranning istalgan joyiga qo‘yishingiz mumkin.
ZTE Blade V9
ZTE MWC'da ba'zi nufuzli resurslar vakillari eng yaxshi hamyonbop smartfonlardan biri deb atagan Blade V9 qurilmasini namoyish qildi. Bu asosan Android'ning "toza versiyasi" tufaylidir, biroq boshqa mamlakatlarga aynan qanday versiyasi kelishi hozircha noma'lum.
Qanday bo‘lmasin, texnik xususiyatlar o‘xshashdir. Smartfon tomonlar nisbati 18 : 9 bo‘lgan 5,7 dyuymli ekran, Qualcomm Snapdragon 450 protsessori, NFC moduli hamda o‘z toifasi uchun sifatli hisoblangan kameraga ega bo‘ldi.
Asosiy ikkilamchi modul olti linza va f/1,8 aperturali 16 Mp'li sensor bilan ta'minlandi. U fonni to‘g‘ri xiralashtirish uchun qo‘shimcha 5 Mp bilan to‘ldiriladi. Old tomonida - 13 Mp'li selfi-kamera. Smartfon korpusi shishali bo‘lib, ba'zi ranglarda yorug‘likda tovalanadi.