Haydovchisiz harakatlanuvchi mashinalarni yuvish osonmi? Oddiy mashinani yuvgandek gap-da, deyishingiz mumkin. Biroq yanada samarali yechim ustida ishlayotgan avtonom avtomobillar ishlab chiqaruvchilari bunday fikrda emas. CNN Tech ularning ba'zilari bilan suhbatlashib, avtonom mashinalarni yuvishda qanday qiyinchiliklarga duch kelish mumkinligi haqida ma'lumot berdi.
Avtomatlashtirilgan mashina yuvish qurilmalari o‘nlab yillar davomida takomillashtirilgan, biroq haydovchisiz avtomobillarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar faol holatdagi mashina haqida gap ketganda, hanuz qo‘l mehnatiga umid qilishmoqda. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, hali an'anaviy avtomatik yuvish qurilmalari uddalay olmaydigan qator vazifalar bor.
Masalan, yuvish vositasi qoldiqlari yoki kuchli suv oqimlari avtonom transport vositasini "ko‘r" qilib qo‘yishi mumkin. Qattiq cho‘tkalar esa sensorlar kalibrini o‘chirishi va ularning aniqligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi yoki umumun 100 ming dollar va undan qimmat turuvchi qurilmaga ziyon yetkazishi mumkin.
Haydovchisiz mashinalar oddiy avtomobillarga qaraganda ko‘proq e'tibortalab bo‘ladi. Kirlar, hasharotlar, qushlar va suv dog‘lari avtomobilning obektlarni aniqlash xususiyatini yomonlashtirishi, bu esa uning xavfsizlik tizimiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Ijara avtomobillarining katta turargohlarini boshqarish borasida ko‘p yillik tajribaga ega Avis kompaniyasi haydovchisiz Waymo minivenlariga xizmat ko‘rsatadi. Firmada mashinalarni yuvish va quvvatlantirish uchun Feniksedagi uch servis stansiyasini qayta qurishga to‘g‘ri kelgan.
"Ba'zi jihatlar, shubhasiz, yanada katta e'tibor talab qiladi, mashinalarni tez-tez yuvishga to‘g‘ri keladi, - deydi Avis'ning innovatsiyalar bo‘yicha direktori Artur Ordunya. - Biz dunyodagi hech bir avtomobilga nisbatan qo‘llanmagan servisni taqdim etamiz".
Ordunya avtonom boshqaruvli mashinalarni yuvish jarayoni aynan qanday kechishiga oid sirlarni ochmadi. Toyota, Aptiv, Drive.AI va Uber kabi kompaniyalar esa CNN'ga buning uchun mikrofibrali salfetkalar, spirt, suv va shisha yuvish uchun maxsus suyuqlikdan foydalanishlarini aytishgan. Qishda Uber'ning maxsus xodimlari kameralarni shisha yuvuvchi vosita bilan purkashadi va unga havo yo‘llashadi.
Toyota'da, qoidaga ko‘ra, maxsus spirt, ba'zan esa tozalovchi salfetkalar qo‘llaniladi. Enn-Arbor (Michigan)da faoliyat ko‘rsatuvchi May Mobility startapi esa barcha avtonom boshqaruvli mashinalarni faqat suv bilan yuvadi.
Biroq ba'zi kompaniyalar, masalan, General Motors'ning bo‘limi Cruise – qo‘l mehnatiga bo‘lgan talabni kamaytirishga yo‘naltirilgan maxsus qurilmani ishlab chiqmoqda. Seeva startapi ham xuddi shunday texnologiyalar ustida ish olib bormoqda. Hozirda kompaniya yuvuvchi vositani 71 daraja holatigacha keltiruvchi hamda hasharotlar izlari va kirlarni yo‘q qilish uchun kamera va sensorlarni tozalovchi avtomatik purkovchi tizimini taklif etmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, Seeva rahbari Diana Lansinger hozir haydovchisiz mashinaning barcha kameralari, radarlari yoki lazer dalnomerlarini tozalashi mumkin bo‘lgan yechimni taqdim etish qiyinligini ta'kidlaydi.
"Haydovchisiz mashinalar soni oshgan sari biz muhandislarga yiliga 150 ming dollardan to‘lay olmaymiz, - deydi Lansinger. - Biroq qo‘l mehnatidan to‘liq voz kechishimizga hali ancha vaqt bor".