Oldindan tayyorlangan ro‘yxatsiz yanada samarali ishlashga doir tavsiyalar

Light 15:00 / 26.02.2018 6148

Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxatidagi kamchiliklar, ularsiz ishlarni qanday uddalash mumkinligi, barchasiga ulgurish va muhim ishlarni orqaga surishni bas qilish haqida makeuseof.com'da foydali ma'lumotlar berildi.

Nima uchun ishlar ro‘yxati yordam bermaydi?

Markovitz Consulting rahbari Deniyel Markovits o‘z maqolasida ro‘yxatlarning samarasizligiga ishora qiluvchi bir necha muammoni ajratib ko‘rsatadi.

  • Tanlov paradoksi. O‘nlab punktlardan iborat katta ro‘yxatlar ba'zan chalg‘itadi, qay biridan boshlashni bilmay qolamiz. Psixolog Barri Shvarts va psixoiqtisodchi Shina Ayyengar tanlov varianti qancha kam bo‘lsa, ishga kirishish shuncha oson bo‘lishini aniqlashdi;
  • Vazifalarning turli murakkablikda bo‘lishi. bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxatidagi punktlaringizga qarang - ba'zi vazifalarni uch daqiqada tugallash mumkin, ba'zilari esa soatlab vaqtingizni oladi. Hoynahoy, siz ko‘p vaqt talab qilmaydigan ishlardan boshlasangiz kerak. Ro‘yxatingiz sezilarli darajada qisqaradi, biroq muhim vazifalar qolib ketaveradi;
  • Kontekstning yo‘qligi. Ishlar ro‘yxati minimum ma'lumotni o‘zida jamlagan bo‘ladi. Siz u yoki bu ish qancha vaqt va kuchingizni olishini bilmaysiz. Bu esa samarali reja tuzish uchun juda muhim omil.

Qanday qilib samaraliroq ishlash mumkin?

Ish tartibingizga kiritishingiz mumkin bo‘lgan kichik o‘zgarishlar sizga samaradorligingizni oshirishga yordam beradi.

1. O‘z taqvimingizda yashang

Deniyel Markovits "O‘z taqvimingizda yashang" deb nomlanuvchi rejalashtirish usulini taklif qiladi. Siz o‘zingizning barcha vazifalaringizni ro‘yxatdan taqvimga ko‘chirishingiz, ularni bajarishga qancha vaqt ketishini hisoblab chiqishingiz va kun, hafta, oyga mo‘ljallab reja tuzishingiz  kerak bo‘ladi.

Vaqtingizni shu tariqa taqsimlab, o‘z jadvalingizni tahlil qilish va tuzatish kiritish, shuningdek ustuvor vazifalarni to‘g‘ri joylashtirish imkoniga ega bo‘lasiz.

Taym-menejment haqidagi kitoblar muallifi va LEADx.org ta'lim platformasi asoschisi Kevin Kruz ko‘plab milliarderlar, Olimpiya chempionlari va ishbilarmonlarni so‘roq qilib, ularning hech biri ro‘yxatlardan foydalanmasligi, lekin "o‘z taqvimida" yashashini aniqladi.

2. "Ikki daqiqa qoidasi"ga rioya qiling

Ishlar ro‘yxati tezlikda yangi punktlar orttirib borayotganining sabablaridan biri bizning mayda vazifalarni ko‘p qo‘yishimizda. Ro‘yxatga qaraganingizda imkon qadar ko‘proq ishlarni o‘chirish uchun astoyidil harakat qilasiz, biroq buning o‘rniga asablar zo‘riqishiga yo‘liqishingiz hech gap emas.

Taniqli bloger Jyeyms Klir "ikki daqiqa qoidasi"ni qo‘llashni taklif qiladi. Agar sizda bajarilishiga ikki daqiqadan kam vaqt ketadigan ish paydo bo‘lsa, uni yozib o‘tirishga hojat yo‘q, shunchaki darhol bajarib qutuling. Vaqt o‘tgan sari ro‘yxatlaringiz qisqarib boradi, bir kuni esa ulardan butkul xalos bo‘lasiz.

3. Ko‘nikmalarni ishlab chiqing

O‘z hayotingizni taqvim bo‘yicha rejalashtirishni boshlaganingizda uylarni yig‘ishtirish va oziq-ovqat uchun do‘konga chiqib kelish kabi arzimagan narsalar jadvalingizda xaosni yuzaga keltirayotganini anglaysiz. Ustuvor vazifalar ko‘plab mayda, ikkinchi darajali ishlarning orasida yo‘qolib ketadi. Bunday bo‘lmasligi uchun ko‘nikmalarni ishlab chiqish kerak. Xaridlar uchun muayyan kunlardagina chiqing, ish kuni oxirida pochtani tozalang, uylarni tozalash uchun esa shanbani tanlang. Shu tariqa o‘zingizni kundalik ishlarni kun tartibiga o‘zgartirish kiritish zaruratisiz bajarishga o‘rgatasiz.

Yodingizda bo‘lsin, birgina maslahatga rioya qilib, biror natijaga erishish qiyin, ularni kombinatsiya qilish va ish jarayoniga tatbiq qilishni o‘rganish kerak. Shundagina yaxshi natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lasiz.

Ko‘proq yangiliklar: