Moskva O‘zbekistonda Afg‘oniston bo‘yicha konferensiya o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi

O‘zbekiston 00:30 / 24.02.2018 5958

Rossiya tomoni O‘zbekistonning mart oyi oxirida Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni. Xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomi ostida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavro O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv vaqtida ma'lum qildi.

«Bunday forum o‘tkazish tashabbusi o‘zbekistonlik do‘stlarimiz tomonidan yanvar oyida BMT Xavfsizlik Kengashi maxsus yig‘ilishi vaqtida ilgari surilgandi. Bugun biz ushbu muhim tadbirga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildik. Biz Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun mavjud formatlarni, xususan, Moskva formati va «ShHT+Afg‘oniston» formatini mobillashtirish zarurligini qayd etdik», deya Lavrovning so‘zlarini keltirgan TASS agentligi.

Rossiya TIV rahbari «Afg‘ooniston muammosi mintaqadagi barcha davlatlardan tashqari atrofdagi boshqa davlatlarni, shuningdek, Rossiyani ham tashvishlantiradigan muammo» ekaniga e'tibor qaratgan.

«Biz bu mamlakatda IShID ta'siridagi kuchlar o‘sib borayotganidan tashvishdamiz. Bu kuchlar ayniqsa Afg‘onistonning shimoliy hududlarida, qaysiki, MDHga a'zo davlatlar bilan chegara hududlarida to‘planmoqda. U yerlarda bizning mamlakatlarimiz fuqarolari ham bo‘lgan lagerlar yuzaga kelmoqda», degan Lavrov.

O‘z navbatida Abdulaziz Komilov O‘zbekiston tomoni Rossiyadan ushbu konferensiya o‘tkazilishidagi qo‘llovidan minnatdor ekanini ma'lum qilgan.

«26 mart kuni biz Toshkentda Afg‘oniston masalasida xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Bu konferensiya Moskva formati, xalqaro kontakt guruhi, Istanbul jarayoni, ShHT-Afg‘oniston kontakt guruhlari va Afg‘oniston muammosiga bag‘ishlangan boshqa ko‘plab guruhlarning mantiqiy davomchisi bo‘ladi», degan vazir.

U Rossiyadan tashqari ushbu marosimga AQSh, Xitoy va boshqa ko‘plab davlatlar taklif etilganini qo‘shimcha qilgan.

Konferentsiyada Pokiston, Eron, Hindiston, Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya va Yevropaning boshqa bir qator davlatlaridan (Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya ushbu konferensiyada ishtirok etish istagini bildirgan), shuningdek, BMT va Yevropa Ittifoqidan vakillar bo‘lishi kutilmoqda.

Abdulaziz Komilov O‘zbekiston tomoni Toshkentdagi konferensiyadan keyin Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasida jadal ishlar olib borilishiga ishonch bildirishini qayd etib o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: