Zomindagi qadimiy qo‘rg‘on qoldiqlari yo‘q qilinish xavfi ostida. Bu buzg‘unchilikda hokim va mutasaddilar bosh-qosh

Jamiyat 23:43 / 22.02.2018 56114

Tahririyatimizga Jizzax viloyati Zomin tumani markazida joylashgan qadimiy «Qo‘rg‘ontepa» qal'asini saqlab qolishni so‘rab, tumandagi tarixchilar murojaat qilishdi. Biz Kun.uz jurnalistlari — s'yomka guruhi voqea bilan yaqindan tanishish uchun Zomin shahriga yo‘l oldik...

Tan olish kerak, bugungi Zomin mutlaqo yangi qiyofa kasb etgan. Shahar ichidagi yo‘llar ravon, shahardagi imoratlar zamonaviy qiyofada jilolanib turibdi. 

Xatda ko‘rsatib o‘tilgan tepalik shundoqqina tuman markaziy bozorining yonginasida— shahar markazida qad ko‘targan. Bir vaqtlar butun Osiyoda kuch-qudrati, iqtisodiyoti, salohiyati bilan mashhur bo‘lgan ko‘hna Ustrushona davlatining eng ko‘zga ko‘ringan viloyatlaridan sanalgan Zomin tarixda «Sarsanda», «Susanda», «Sabza» nomlari bilan atalganini hamma ham bilmasa kerak.

Qadimgi Zomin borasida tadqiqot o‘tkazgan arxeolog olimlarga ko‘ra, «Qo‘rg‘ontepa» nomi bilan mashhur bu yodgorlik eramizdan avvalgi II, eramizning VI–VII va XII asrlarda faoliyat ko‘rsatgan ko‘hna Zomin shahri o‘rdasi qoldig‘i hisoblanadi. Uning geografik joylashuvlari, moddiy-madaniyati Ustrushonaning ilk o‘rta asrlari qishloq makonlari qurilishi uchun xarakterlidir. 

Sovet tuzumi davrida ushbu qo‘rg‘on konservatsiya qilingan. Imoratlar va qal'alar quyosh nuri va yog‘ingarchiliklar ostida yemirilmasligi uchun tuproq bilan ko‘mib qo‘yilgan — yaxshi davrlar kelgunga qadar, albatta. Ya'ni, mash'um sovet davrida bir harakat bilan bu qadamiy qo‘rg‘on qoldiqlari buldozer bilan surib tashlansa ham bo‘lar edi. Lekin nimalarnidir o‘ylab unday qilinmagan.

Qal'a ko‘milgach, tepalik ustiga ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan zominliklar xotirasiga yodgorlik o‘rnatilgan. Bu joyda yodgorlik qurilmasdan avval ham bir tomoni ko‘hna qabristonga tutash joyda kattagina — 1,5 ga hududni o‘z ichiga olgan «Qo‘rg‘ontepa» 120x130 metr maydonda, balandligi 8–10 metrga teng ikki o‘ramli devorlar bilan o‘ralgan tarixiy qal'a joylashgan edi. Bunga 1866 yilda suratga olingan tarixiy fotosurat dalildir.

Tuman hokimligida bo‘lganimizda tuman markazini obodonlashtirish masalasidagi qizg‘in yig‘ilish ustidan chiqdik. Tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev, xalq deputati Erkin Xolmatov, tuman arxitektura va qurilish bo‘limi va boshqa tashkilotlari mutasaddilari bilan mashvarat avjida edi.

Biz kelganimizdan muddao neligini aytdik va tuman hokimining bu boradagi tushuntirishlari bilan qiziqdik. Biroq, u kameraga qarata gapirishni istamadi. Tuman hokimi va deputatning aytishicha, loyiha respublika yuqori doiralarida tasdiqlangan, qo‘rg‘on buzilib, o‘rnida qurilish ishlari amalga oshiriladi. Ularning iddaosiga ko‘ra, tepalik ostida qo‘lga ilingulik hech narsa yo‘q.

Lekin tuman hokimligi va arizachilarga madaniyat vazirligi, O‘zFA arxeologiya instituti tomonidan jo‘natilgan xatlarda majmuani asrab qolish kerakligini bot-bot ta'kidlangan. (Ushbu xatlar tahririyat ixtiyorida bor).
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining boshqarma boshlig‘i A.Irgashev imzosi bilan Jizzax viloyat hokimligiga 2018 yil 8 fevralda jo‘natgan xatiga ko‘ra, «II jahon urushida halok bo‘lgan zominliklar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik rekonstruksiya qilinib, uning o‘rniga milliy ruhdagi zamonaviy yodgorlik majmuasi, istirohat bog‘i va nuroniylar choyxonasi qurishga qarshilik yo‘qligi» ma'lum qilinadi. Lekin shu xatning o‘zida majmua Zominning qadimiy qo‘rg‘oni o‘rnida rejalashtirilayotgani bois O‘zFA Arxeologiya instituti mutaxassislarining xulosasi olinishi tavsiya etiladi.

Bizga hokimlikdagilar shu xatni ko‘rsatishdi. Ha, xatda qarshilik yo‘q, deyilyapti. Lekin rekonstruksiya uchun qarshilik yo‘q. Buzib tashlashga, tepalikni pasaytirishga qarshilik yo‘q deyilmagan. Qolaversa, shu xatning o‘zida mutaxassislarning xulosasi olinishi tavsiya qilinmoqda... Lekin hokimlik oldimi o‘sha xulosalarni?! Yo‘q! Ular tepalikni ekskovator bilan kavlab tashlashga buyruq berishgan.

Qadimiy Zomin qal'asi «Qo‘rg‘ontepa» madaniy meros obektidan eko va etnoturizmni rivojlantirish yo‘lida o‘ziga xos ahamiyat kasb etguvchi bir obekt va tarixiy joy sifatida foydalanish maqsadga muvofiq, albatta. Qal'aning o‘sha qadimiy holatini «yumshoq» rekonstruksiya qilib, xorijiy va mahalliy turistlarni jalb etish maqsadga muvofiq emasmi? Axir xorijliklarni zamonaviy imoratlarimiz emas, aynan mana shunday tarixiy va milliy osori-atiqalarimiz jalb qilishi besh qo‘ldek ayon-ku?

Bizga mahalliy tarixchi va arxeologlar yuborgan suratlardan ham ko‘rinib turibdiki, qal'a qoldiqlari tuproq ostida yaxshigina saqlanib turibdi. Ikki belkurak urib ochilgan qadimiy qal'a qoldiqlari orasidan chinni buyumlar qoldiqlari ham topilgan. Uni buzib yer bilan bitta qilib tashlash emas, ochish, zudlik bilan rekonstruksiya qilish kerak.

O‘zingiz o‘ylang, Zominda qadimiy tepalik hali arxeologik ishlar olib borilmasdan, «uning ostida hech narsa qolmagan baribir», degan tashxis bilan buzilib, pasaytirilib, tekislanib, ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga peshayvonlar qurib va motamsaro ona haykali o‘rnatishmoqchi. Endi ayting, Zominga kelgan turistga shu qiziqmi yoki qadimiy qal'a qoldiqlari?

To‘g‘ri, urush yomon narsa, unda qatnashgan qahramonlar xotirasi abadiylashtirilishi kerak. Bu bizning qadriyatlarimizdan biriga aylanib ham ulgurgan. Lekin bu uchun istalgan joydan, aytaylik, o‘sha tepalikning poygakidan ham joy qilish mumkinku? Bahonada Zominning yaqin o‘tmishiga ham hurmat bajo etilgan, qadimiy tarixi ham saqlab qolingan bo‘lardi.

Ko‘hna va qadrli obidalar, qadamjolarni savodsizlarcha va o‘zboshimchalik bilan butkul yo‘qotib yuborish — tarixga hurmatsizlik, bu bilan turizm imkoniyatlarini cheklashga qo‘yilgan to‘siq emasmi?
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2017 yil 26 oktyabrda «Qo‘rg‘ontepa» qal'asida, ya'ni arxeologik obekt hududida qurilish, qazish va unga zarar yetkazadigan boshqa ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligini ma'lum qilingan bo‘lsa-da, «Qo‘rg‘ontepa» qal'asining ustki qismini 3–4 metr pastlatish va «Qo‘rg‘ontepa» qal'asi ustki qismiga yangi xotira majmuasi o‘rnatish loyihaviy takliflari tayyorlanib, Zomin tuman hokimligiga topshirilgan, hokimlik ham ushbu loyihani ma'qul deb topib, qizg‘in muhokama etayoganigaqanday baho berish mumkin?

Albatta, tuman va viloyatdagi mutasaddilarga qadimiy xarobalar shahar ko‘rkini buzadigandek, go‘zal shahar husniga so‘galdek xalaqit beradigandek tuyulishi mumkin. Unaqa emas, janoblar. Butun dunyo bo‘ylab qadimiy osori atiqalarga e'tibor bering. Afinadagi Akropol vayronlari ham, Rimdagi Kolizey ham shahar ichida viqor bilan turibdi. Hech kimga xalaqit berayotgani yo‘q, qaytaga yiliga millionlab turistlarni jalb etmoqda.

Surxondaryoda, Xorazmda ham mana shunday qadimiy tepaliklar, tuproqqo‘rg‘onlar kerak bo‘lsa xorijdan arxeologlar jalb etilib, muvaffaqiyatli rekonstruksiya qilinmoqda. Bunga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Nahotki Jizzaxda sovet davri tarixchilari ham kuni kelib albatta ochiladi, deb konservatsiya qilgan tarixiy joy xo‘jasizlarcha buldozer g‘ildiraklari ostida yanchib yo‘q qilinadi?! Bunga qanday chidash mumkin?! Yaxshiyamki o‘z tarixini sevuvchi zominliklar bor ekan. Yo‘qsa, yodgorlik imi-jimida allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan ham bo‘larmidi?..

Albatta, tumanda qariyalarga qaratilayotgan e'tibor, ularga qarilik gashtini surishlari uchun yangi inshootlar qurish tahsinga sazovor ish. Lekin bu puxta o‘ylab, yetti o‘lchab bir kesib amalga oshiriladigan ish ham-da! 
O‘sha kuni loyiha muhokamasi jarayoniga biroz quloq tutdim. Zomindagi markaziy jome' masjididan yangi quriladigan majmuaga qadar ikkita yer osti o‘tish yo‘lagi qurish kerak, degan taklif berildi deputat E.Xolmatov tomonidan. Bu taklif yozib ham olindi. Holbuki, qariyalar bu joyga borishi uchun chorrahadagi svetofordan bitta «zebra» orqali to‘g‘ri trotuarga tushib olishlari mumkin. Ortiqcha xarajatga yo‘l qo‘yishdan ma'ni ne?

Shahar piyoda yuruvchi insonlar uchun qulay bo‘lishi kerak. Aslo avtomobil mingan haydovchilar uchun emas! Piyodalarni, shunda ham qariya otaxonlarni ikki bor yer ostiga tushirib chiqarishni taklif qilayotgan mutasaddilar umuman o‘z sohasining ustasi emasligi kundek ravshan bo‘lib qoldi. 

Ko‘plab rivojlangan davlatlarda tarixiy qiymat va qimmatga ega obidalar, ziyoratgohlar, moddiy madaniy meros va arxeologik obidalari, binolardan turistik sohada juda samarali foydalanishadi. O‘z ajdodlari qo‘li bilan bunyod etilgan bu kabi obidalarni ko‘zga surishadi. Bizda ham shunday bo‘lishi kerak. Lekin Zomindagi bu majmuaning qadimiy qiyofasini tiklash o‘rniga butun boshli qal'aning oyoq osti qilib yuborilishini na tarix kechiradi va na kelajak!

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Samarqand arxeologik tadqiqotlar instituti ham tarixiy «Qo‘rg‘ontepa» obektida ilmiy tadqiqotlar asosida qazishma ishlari olib borib, uni ochiq osmon ostidagi muzey qilish taklifi va obektni asrab qolish borasida o‘z fikr va mulohazalarini berdi. 

Ushbu holat yana bir bor mutasaddi idoralar tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi, 2000-2500 yillik tarixga ega qadimgi Zomin shaharchasida majmua qurilishida kechirib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Kun.uz ushbu mavzuga albatta yana qaytadi.

Aziz Qarshiyev.

Ko‘proq yangiliklar: