O‘zbekistonda Afg‘oniston savdo ofisi tashkil etiladi

O‘zbekiston 16:08 / 22.02.2018 3301

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligida Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidentining MDH mamlakatlari bilan hamkorlik qilish uchun maxsus vakili Sh.Korgan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda, Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining 2017 yil 4-6 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy bajarilishi muhokama qilindi. Afg‘on bozoriga maishiy texnika, transformatorlar, kabel va sim mahsulotlari, trikotaj mahsulotlari, mahalliy yengil va yuk mashinalari, avtobuslar asosida qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikani muntazam ravishda yetkazib berish orqali o‘zaro savdoni diversifikatsiya qilish imkoniyatlariga alohida e'tibor berildi.

O‘z navbatida, afg‘on vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan Afg‘onistonga elektr energiya, dori vositalari, kabel va sim mahsulotlari, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomobillariga katta qiziqish bildirildi. Shuningdek, tomonlar o‘zbek avtomobillarining raqobatbardoshligini oshirish uchun dilerlik va xizmat ko‘rsatish markazlarini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Ikki tomonlama savdo-sotiq hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida, tomonlar O‘zbekistonda Afg‘oniston savdo ofisi tashkil etilishi, «Termiz Kargo» eksport markazi faoliyatini faollashtirish, hamda Qobul va Mozori-Sharif shaharlarida o‘zbek-afg‘on savdo uylarining ishga tushirilishi to‘g‘risida kelishuvlarga erishdilar.

Shuningdek, tomonlar strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Mozori-Sharif-Hirot temir yo‘lining qurilishi va Surxon-Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini qurish kabi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha fikr almashdilar. Bundan tashqari, Afg‘onistonning shimolida joylashgan istiqbolga ega bo‘lgan uglevodorod konlarini geologiya-razvedkasi bo‘yicha o‘zaro loyihalarni tiklash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: