Umid Ahmadjonov xorijlik murabbiy bilan muzokaralarni yakunlash uchun Dubayga uchib ketdi

Sport 16:19 / 22.02.2018 20577

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun erta tongda yangi bosh murabbiy bilan boshlangan muzokaralarni nihoyasiga yetkazish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Manbada yozilishicha, O‘zbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi xorijlik kuchli mutaxassis, jahon futbolidagi top murabbiy bo‘ladi. Ayni paytda u o‘z terma jamoasini Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorlamoqda. Har bir murabbiy shartnomasi tugashiga 6 oy qolganida yangi takliflarni ko‘rib chiqishga va muzokaralar o‘tkazishga haqli. Shu sababdan ham, yangi bosh murabbiy bilan terma jamoamiz masalasida yakuniy kelishuvga erishildi.

Biroq, u ayni paytda o‘z shogirdlarini iyun oyida boshlanadigan mundialga tayyorlayotgani sababli, jahon chempionati yakuniga qadar nomi hozircha e'lon qilinmasligini so‘ragan. O‘zining bu iltimosini mutaxassis jahon chempionati oldidan uning shogirdlari kayfiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi bilan izohlagan. Umid Ahmadjonov yangi bosh murabbiyning bu iltimosini qabul qildi va iyul oyiga qadar uning nomi futbol jamoatchiligiga e'lon qilinmasligiga va'da berdi.

Eng muhimi mutaxassis bilan yakuniy to‘xtamga kelindi va u Rossiyadagi mundialdan so‘ng mamlakatimizga tashrif buyuradi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi boshqaruvini rasman qo‘lga oladi. Unga qadar esa mamlakatning bosh jamoasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshida yangi tashkil etilgan murabbiylar kengashi qo‘l ostida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va belgilangan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Yangi bosh murabbiy oldiga Osiyo kubogi-2019 da muvaffaqiyatli ishtirok etish va terma jamoani 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga olib chiqish vazifasi qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Karlush Keyrush O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishi ma'lum bo‘lgandi. Murabbiy bilan og‘zaki kelishuvga erishilgan.

Ko‘proq yangiliklar: