Qishloqdagi arzon uy-joylar: talabgorlarni komissiya tanlab oladi

O‘zbekiston 13:12 / 22.02.2018 19737

Vazirlar Mahkamasining 9.02.2018 yildagi 103-son qarori bilan Ariza beruvchi – uy quruvchining 2017–2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.uz.

Hujjatning oldingi tahriri o‘z kuchini yo‘qotdi.

Agar ilgari arzon uy-joylar dasturida ishtirok etish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining tavsiyasi talab qilingan bo‘lsa, endi ishtirokchilarni tegishli tuman hokimligi huzuridagi talabgorlarni tanlash bo‘yicha doimiy ishlaydigan komissiya belgilaydi.

Komissiya 9 ta a'zoni o‘z ichiga oladi va tuman darajasidagi quyidagi rahbarlardan iborat bo‘ladi:

• hokim;
• hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;
• «Mahalla» fondi bo‘limi rahbari;
• yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i;
• tibbiyot birlashmasi boshlig‘i;
• tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;
• O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman kengashi raisi;
• tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari;
• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi vakili.

Umuman olganda umumiy tartibga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilmadi. Eslatib o‘tamiz, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan va muayyan ijtimoiy mezonlarga javob beradigan oilalar arzon uy-joylar dasturida ishtirok etish uchun talabgorlik qilishlari mumkin.

Shu bilan birga tavsiya olish sharti sifatida oilaning kam ta'minlanganligi – ro‘yxatda yo‘q. Oila daromadi, ilgarigidek, oilaning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojini o‘rganish chog‘ida hisobga olinadi. Biroq endi «daromadi yuqori bo‘lmagan oila» – bir oydagi jami daromadi har bir oila a'zosiga EKIHning 3 baravari miqdorigacha (ya'ni 516 720 so‘mdan kam) to‘g‘ri kelishi belgilovchi omilga aylanadi.  

Ariza beruvchi yozma tavsiyani olish uchun doimiy yashash joyi bo‘yicha Komissiyaga anketa-arizani va ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etadi. Bunday hujjatlar ro‘yxati Nizomga ilovada ko‘rsatilgan.

Arizani ko‘rib chiqish uchun Komissiya oilaning uy-joy sharoitlarini o‘rganadi va hisobga olinadigan barcha omillar bo‘yicha ball (0 dan 10 gacha) qo‘yish yo‘li bilan dasturda ishtirok etish uchun ijtimoiy ustuvorligini belgilaydi. Ko‘rib chiqilayotgan mezonlarning har biri bo‘yicha ballar soni qayd etilgan batafsil jadval Nizomda berilgan.

Umumiy ball Komissiyaning yozma tavsiyasida ko‘rsatiladi va talabgorning ipoteka krediti olishi to‘g‘risidagi buyurtmanomasini ko‘rib chiqishning birinchi navbatdagi huquqi va navbat tartibiga ta'sir ko‘rsatadi. Eng yuqori ball olgan talabgorning arizasi kreditga layoqati baholanayotganda birinchi darajali navbatga ega bo‘ladi.

Hujjat 19.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: