22 fevralda Space X kompaniyasi Falcon 9 raketasining muvaffaqiyatli parvozini amalga oshirdi va Starlink deb nomlangan internetga global ulanish tizimining ilk ikkita sun'iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi.
Raketa Toshkent vaqti bilan soat 19:17da Kaliforniya shtatidagi Vandenberg bazasidan uchirilgan. Avvalroq parvoz bir necha marta ko‘chirilgan. Dastlab parvoz 17 fevralga belgilangan edi, biroq kompaniya uni bir kunga qoldirgan, so‘ngra 21 fevralga ko‘chirgan. Kompaniya buni raketaning yangi obtekateli tekshirilishi uchun qo‘shimcha vaqt zarurligi bilan tushuntirgan. Parvoz kuni kelganda u kuchli shamol sababli yana bir kunga ko‘chirilgan.
Raketa orbitaga startidan 11 daqiqa o‘tgach asosiy yuk sifatida Ispaniyaning Paz radiolokatsion sun'iy yo‘ldoshini hamda qo‘shimcha yuk sifatida Microsat-2a va Microsat-2b qurilmalarini olib chiqqan. Aynan oxirgi ikki qurilma ko‘proq e'tibor tortgan, chunki ular butun dunyo bo‘ylab odamlarning tezkor internetga ulanishlarini ta'minlashga qaratilgan Starlink loyihasining ilk sun'iy yo‘ldoshlari hisoblanadi.
Starlink loyihasi haqidagi oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, tizim 1150 kmdan 1325 kmgacha balandlikda joylashtiriladigan 4425 ta hamda 335 kmdan 346 kmgacha balandlikda joylashtiriladigan 7518 ta sun'iy yo‘ldoshdan iborat bo‘ladi. Shu tariqa, ushbu loyiha doirasida orbitaga deyarli 12 mingta kichik o‘lchamli sun'iy yo‘ldosh chiqariladi.
SpaceX kompaniyasi Starlink sun'iy yo‘ldoshlari guruhini shakllantirishni 2020-yillar o‘rtalarigacha yakunlashni rejalashtirmoqda. Ta'kidlanishicha, bu guruhdagi sun'iy yo‘ldoshlari soni hozir orbitada mavjud sun'iy yo‘ldoshlar sonidan oshadi.