O‘zbek olimlari delegatsiyasi Isroilda: ilmiy-tadqiqotlar sohasida yangi hamkorlik o‘rnatildi

O‘zbekiston 00:00 / 21.02.2018 6111

O‘zbekiston milliy universiteti Rektori Avazjon Maraximov boshchiligidagi universitet delegatsiyasi 2018 yilning 13-20 fevral kunlari Isroilning Xolon texnologiya institutiga universitetlar o‘rtasida zamonaviy innovatsion o‘quv dasturlar va izlanishlar sohasida akademik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqish uchun tashrif buyurdi.

2018 yilning 14 fevral kuni ishchi guruh a'zolari Isroilning Xolon texnologiya instituti Prezidenti, Professor Eduard Yakubov tomonidan qabul qilindi.

O‘zbekiston milliy universiteti Rektori Avazjon Maraximov tomonidan Vatanimiz haqida va hozirda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar va yaqin bir yil ichida erishilgan yutuqlar, O‘zbekiston milliy universiteti tarixi, tarkibiy tuzilmasi va faoliyati to‘g‘risida ma'lumot berildi.

O‘zbekiston milliy universiteti va Xolon texnologiya instituti o‘rtasida zamonaviy innovatsion o‘quv dasturlar ishlab chiqish, qisqa va uzoq muddatli professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, izlanishlar sohasida akademik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqish, multidistsiplinar dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda Milliy universitet negizida Xolon texnologiya universiteti fakultetini tashkil etish masalalari kelishildi.

Xolon texnologiya instituti, Samarqand davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalar universiteti ishtirokida onlayn videoaloqa o‘rnatilib, o‘zaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yangi ochilayotgan magistratura yo‘nalishlari uchun o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv dasturlar ishlab chiqish masalalari bo‘yicha kelishib olindi.

Xolon shahridagi Autizm sindromi bilan kasallangan bolalar uchun mo‘ljallangan musiqa maktabida bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘qitish metodikasi bilan tanishildi.

Xolon texnologiya instituti o‘quv laboratoriyalari bilan tanishildi, jumladan, Innovatsion markaz laboratoriyalari, 3D modellashtirish laboratoriyasi (Design & Manufacturing), Kompyuter havfsizligi, Robotexnika kabi laboratoriyalarining ish faoliyati va texnik jihozlanishi bilan tanishildi. Shu bilan bir qatorda, ushbu laboratoriyalarda ish olib borayotgan talabalarning real yutuqlari va ushbu yutuqlarning insonlarning kundalik hayotidagi muhim ahamiyati qayd etildi.

2018 yilning 15 fevral kuni ishchi guruh a'zolari Isroilning Xayfa shahridagi Texnion (Isroil texnologiya instituti) institutiga tashrif buyurishdi.

O‘zbekiston milliy universiteti rektori A.Maraximov hamda Matematik analiz kafedrasi mudiri, akademik A.Sa'dullayev va Isroil matematiklar assotsiatsiyasi Prezidenti, professor Kobi Rubinshteyn o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston milliy universiteti va Texnion instituti o‘rtasida amaliy matematika va matematik muxandislik yo‘nalishlarida qisqa muddatli professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda matematik izlanishlar sohasida akademik aloqalarni rivojlantirishga kelishildi. Hususan, professor Kobi Rubinshteynning 2018 yil aprel oyida O‘zbekiston milliy universitetiga 2 haftalik seminar-trening o‘tkazish uchun tashrif buyurishi kelishib olindi.

Fiziologiya va biofizika kafedrasi dotsenti, Yuqori texnologiyalar markazining biofizika va bioximiya laboratoriyasi mudiri Yu.Levitskaya hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i M.Saxibjonov Texnion institutining Biotexnologiya va oziq-ovqat muhandisligi fakulteti dekani, professor Dganit Danino bilan uchrashib, universitetlar o‘rtasida biologiya va biotexnologiya sohalarida hamkorlik o‘rnatish, birgalikda xalqaro loyihalarda ishtirok etish va qisqa muddatli hamda distansion seminarlar o‘tkazish masalalari kelishib olindi.

Texnion instituti ilmiy-tadqiqot Fondining ilmiy-tadqiqotlarni targ‘ib qilish boshqarmasi boshlig‘i David Shem-Tov bilan uchrashuvda O‘zbekiston milliy universiteti va Texnion instituti ilmiy-tadqiqot Fondi hamkorligida Yevropa ittifoqining Horizon 2020 va Erasmus+ loyihalarida birgalikda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqotlar sohasida almashinuv va hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.

Texnion institutining xalqaro akademik aloqalar bo‘yicha koordinatori Dana Ben-Ari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida universitetlar o‘rtasida matematika, fizika, ximiya, biologiya va informatsion texnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha qisqa muddatli almashinuv kurslari tashkil etish, o‘qitish metodikasi, dasturlari yuzasidan tajriba almashinishga kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: