«Obod qishloq» loyihasi. O‘zbekistonda ta'mirtalab uylar ta'mirlab beriladi

O‘zbekiston 19:00 / 21.02.2018 39396

O‘zbekiston prezidenti g‘oyasi asosida mamlakat tarixida yangi «Obod qishloq» loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu orqali mamlakatdagi qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgarishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, ta'mirtalab uylarda yashovchi oilalar ro‘yxati tuzilib, ularning uylari ta'mirlab beriladi.

«Insonning hayotga munosabatini o‘zgartiradigan, oilasi bilan baxt-saodat tuyg‘usini his qilishiga asos bo‘ladigan muhim omil – shinam va ko‘rkam uy-joyga ega bo‘lishida, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sog‘lom, doimiy ish va daromad manbaiga ega insonlar uy-joy qurish yo xonadonini ta'mirlash, obod qilishga imkon topadi. Lekin bunda yana bir toifa – o‘z uy-joyi bor, biroq unda bir inson hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun mutlaqo yo qisman shart-sharoit yo‘q insonlar ham borki, ular o‘z turmushini yaxshilashda aro yo‘lda qolib ketayotgan edi. Ayniqsa, qishloq joylarda shunday uylar kam emas: kimningdir uyi o‘ta ta'mirtalab, yana birovning topgani dasturxondan ortmagani uchun oddiy devorini ta'mirlashga ham imkoni yo‘q. Bunday sharoitda yashayotgan ayollarning, farzandlarning, albatta, ruhiyatida katta bezovtalik bo‘lishi tabiiy.

Shu bois Prezidentimiz g‘oyasi bilan yana bir xayrli tashabbusga qo‘l urildiki, buning samarasida endi ham shunday insonlarning hayotiga yangi mazmun kirib keladi, ham qishloqlarimizning ko‘rki va tarovati go‘zallashadi. «Obod qishloq» deb ataladigan bu loyihaning birinchi bosqichida qishloq joylarda amaldagi qonunchilik bilan belgilangan qurilish normalari va sanitariya talablariga javob bermaydigan, ta'mirtalab uylarda yashovchi oilalar ro‘yxati shakllantiriladi. Keyingi bosqichda keng jamoatchilik va faol yoshlarni keng jalb etgan holda manfaatdor tashkilot va idoralar bilan birgalikda abgor ahvolda bo‘lgan uylarni ta'mirlash va obodonlashtirish, shu jumladan, uzoq va chekka hududlardagi qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish maqsadida hasharlar tashkil etiladi», deyiladi ma'lumotnomada.

«Kun.uz» manbasi ma'lumot berishicha, bu loyiha bo‘yicha ishlar Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi «Manas» qishlog‘ida boshlanib ketdi.

 

Ko‘proq yangiliklar: