Davlat tijorat sektoridagi ishtirokini kamaytiradi

O‘zbekiston 14:55 / 21.02.2018 5399

Qonun hujjatlari ta'sirchanligini baholash tizimi portalida prezidentning tijorat tashkilotlarida davlat ulushini kamaytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi, deb yozmoqda Norma.uz.

Davlat ulushi ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari faqat prezidentning qaroriga ko‘ra tashkil qilinishi mumkin bo‘ladi. Hozirda bunday qarorlar Vazirlar Mahkamasi tomonidangina qabul qilinmoqda.

Davlat ishtirokidagi tijorat tuzilmalarini tashkil qilishdan maqsad – aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish va jamoat tartibini saqlash, davlat xavfsizligi va manfaatlarini ta'minlash. 

Bunday korxonalar tashkil etiladigan faoliyat yuritish tarmoqlari va sohalarining to‘liq ro‘yxati belgilanishi lozim.  

Korporativ boshqaruvni rivojlantirish va xususiy aksiyadorlar (ishtirokchilar)ning huquqlarini cheklashdagi asosiy muammolar bunday tashkilotlardagi boshqaruv tizimini har tomonlama tahlil qilish natijalariga ko‘ra aniqlanishi shart.

Xo‘jalik boshqaruvi organlarining funksiya va vazifalari tanqidiy o‘rganib chiqilishi lozim. Ular tomonidan bajariladigan davlat miqyosidagi vazifalar vakolatli davlat organlariga o‘tkazilishi kerak.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini butunlay optimallashtirish lozim.

1. Davlat organlari va joylardagi davlat hokimiyati organlariga qarashli xo‘jalik jamiyatlarida davlat ulushini boshqarish Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi tomonidan markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Bunda investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar davlat aktivlarini boshqarganliklari uchun haq oladilar, ushbu haq bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda, tashkilot sof foydasining 20%igacha miqdorda belgilanadi.
 
Davlat ulushlari professional boshqaruv tashkilotlari, shu jumladan xorijiy kompaniyalarning ishonchli boshqaruviga o‘tkaziladi. Davlat organlari rahbarlarining davlat vakili sifatida tayinlanishi amaliyotidan 2020 yilgacha bosqichma-bosqich voz kechiladi.   
 
Shuningdek davlat vakillari faoliyatini davriy baholash natijalaridan kelib chiqib, ularning faoliyatini baholash mezonlarini belgilash va haq to‘lash mexanizmini joriy qilish rejalashtirilgan.

Jamiyat kuzatuv kengashlariga davlat nomidan nomzodlarni tanlashda ularning xo‘jalik jamiyati faoliyat yuritayotgan sohaga mansubligi asosiy mezon bo‘lishi kerak.

2. Davlat korxonalarida, shu jumladan davlat organlari tomonidan tashkil qilingan, aktivlarining balans qiymati EKIHning 100 ming baravaridan ortiq bo‘lgan unitar korxonalarda kuzatuv kengashi va ichki audit xizmati tashkil etiladi.  

Ma'lumot uchun: hozir ichki audit xizmati aktivlarining balans qiymati 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalarda va aktivlarining balans qiymati EKIHning 100 ming baravaridan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida majburiy tartibda tuzilmoqda.

O‘z navbatida, ustav fondida davlat ulushiga ega xo‘jalik sub'yektlari va davlat unitar korxonalari majburiy tartibda har yili auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim.

3. Davlat daromadiga o‘tkazilgan ko‘char va ko‘chmas mulk, shuningdek xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondidagi aksiyalar (ulushlar) paketlari, shu jumladan sudning qaroriga ko‘ra o‘tkazilganlari zudlik bilan xususiy sektorga sotilishi lozim.

Loyiha  o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: