O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yangi o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Axborot xizmati xabar beradi.
Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 21 fevraldagi PF-5359-son Farmoniga asosan Saidlaziz Saidasilovich Saidkarimov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari etib tayinlandi. U shu paytgacha Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 fevraldagi PF-5358-son Farmoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Erkabay Aminovich Tadjiyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bundan avval ham ushbu mansabda faoliyat yuritgandi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Murodjon Azimov Davlat Bojxona qo‘mitasi raisi sifatida ish boshlashi munosabati bilan vazifasidan ozod etilgandi.