“Ahmadboy”ga sud hukmi chiqarildi 

Jamiyat 16:37 / 21.02.2018 220234

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida chinozlik “Ahmadboy” nomi bilan dong chiqargan Ahmadjon Tursunboyevga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri voqea joyidan xabar bermoqda.

Mazkur jarayon jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Dilshod Komilov raisligida hamda xalq maslahatchilari Qobil Otaxonov va Sobirjon Yo‘ldoshevdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi. 

2018 yil 21 fevralda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 188-moddasi (noqonuniy tadbirkorlik faoliyati), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish), 25 orqali 211-moddasi (pora berishga suiqasd qilish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblangan Ahmadjon Tursunboyev, Olmos Qo‘chqorov, Izzatilla Ibrohimov, Murodjon Tursunboyev, Oybek Tursunboyev, Azizjon Turdiyev va Rashid Ismoilovga  nisbatan sud hukmi e'lon qilindi.

Sud majlisida 7 nafar sudlanuvchi O‘zR JKning tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi va Ahmadjon Tursunboyevga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 13 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Shuningdek, EKIH 400 baravari miqdorida, ya'ni 52 million 96 ming so‘mga teng jarima ham undirilishi aytildi. Lekin unga nisbatan amnistiya qo‘llanib, jazo muddatining to‘rtdan bir qismi qisqartirildi.

Mavzuga oid: «Ahmadboy» mashmashasiga aloqador yana 6 kishiga jazo tayinlandi

U jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘taydigan bo‘ldi. Jazoni o‘tash muddati 2016 yil 16 iyundan boshlab hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: