«Ahmadboy» domiga tushganlar pulini qaytarib oladimi?

O‘zbekiston 20:00 / 21.02.2018 125833

Bugun, 21 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir necha moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan sudlanuvchi Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi.

Sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 188-moddasi (noqonuniy tadbirkorlik faoliyati), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish), 25 orqali 211-moddasi (pora berishga suiqasd qilish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblangan sudlanuvchilarga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot kotibi Aziz Obidovning aytishicha, hukm chiqarishda sudlanuvchilarning sodir etgan jinoyatlari uchun chin ko‘ngildan pushaymon ekanligi va jinoiy qilmishlarni fosh qilishda yordam berganliklari alohida e'tiborga olingan.

«Ahmadjon Tursunboyev va uning sheriklari faoliyatidan ziyon ko‘rgan jabrlanuvchilar bilan tergov qismi hali davom etmoqda. Tergov jarayonida jinoyat tarkibi aniqlanishi bilan sud ishi qaytadan boshlanadi», deydi u.

Ma'lum qilinishicha, sud tomonidan yuqorida ko‘zda tutilgan jinoyatlar tufayli yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalasi boshqa jinoyat ishlarini ham tergov natijalariga qarab hal qilinishi ko‘rsatib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, sud majlisida 7 nafar sudlanuvchi O‘zR JKning tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi va Ahmadjon Tursunboyevga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 13 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Shuningdek, EKIH 400 baravari miqdorida, ya'ni 52 million 96 ming so‘mga teng jarima ham undirilishi aytildi. Lekin unga nisbatan amnistiya qo‘llanib, jazo muddatining to‘rtdan bir qismi qisqartirildi.

 

Ko‘proq yangiliklar: