O‘zRTXB import qilingan ko‘mirni sota boshladi

O‘zbekiston 14:03 / 20.02.2018 11372

Mahsulotlar uchun narxlarni asossiz ravishda oshib ketishining oldini olish maqsadida “O‘zRTXB” AJda doimiy ravishda import qilingan tovar pozitsiyalarning listingi o‘tkazilmoqda. Xususan, 2018 yilning yanvar oyidan boshlab Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan ko‘ng‘ir va tosh ko‘mirning turli xil markalari birjaning kotirovkalash varag‘iga kiritildi. Bu haqda "O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bugungi kunda birjada ko‘mirning BSSh, DR, DSSh, B va B-3 markalari bo‘yicha 17 ta standart birja shartnomalari ochilgan. Ushbu shartnomalar bo‘yicha savdolarda ishtirok etish uchun kiritiladigan zakalat summasi 1% dan 5% gacha. Boshlag‘ich narxlar ko‘mir markasiga qarab bir tonnasi uchun 350,0 ming so‘mdan 700,0 ming so‘mgacha. Yetkazib berish shartlari – EXW (O‘zbekiston Respublikasining rezident-sotuvchining omborxonasidan olib ketish).

O‘tgan davr mobaynida birja savdolarida 260 tonna import  qilingan ko‘mir sotilib, shulardan 70 tonnasi DR markali ko‘mir (bir tonnasi uchun 600,0 ming so‘m) va 190 tonna BSSh markali ko‘mir (bir tonnasi uchun narxi 400-450 ming so‘m)ga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 17 yanvardagi PQ-3479 sonli "Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, import qilinadigan alohida turdagi mahsulotlarni, xususan ko‘mirni birja savdolari orqali realizatsiya qilishda bojxona to‘lovlari to‘lash bo‘yicha imtiyozdan foydalanish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: