Tibbiy texnika qanday qiyoslanadi va sinaladi?

O‘zbekiston 19:53 / 20.02.2018 5174

Vazirlar Mahkamasining 15.02.2018 yildagi 112-son qarori bilan o‘lchash funksiyalariga ega tibbiy texnikaning metrologik nazoratini (qiyoslash), shuningdek tibbiy texnikani davriy sinovlardan o‘tkazish tartibi belgilandi, deb yozmoqda Norma.uz.

Ma'lumot uchun: metrologik nazorat – davlat metrologiya xizmati tomonidan o‘tkaziladigan o‘lchov laboratoriya texnikasi ko‘rsatkichlari sozligi ustidan nazorat.  

Xususiy tibbiyot tashkilotlari, shuningdek Sog‘liqni saqlash vazirligi, tuzilmasida tibbiyot tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tibbiy texnikaning qiyoslash va davriy sinovlardan o‘tkazilishini ta'minlashlari shart. Bundan tashqari, tibbiy texnikaning metrologik ta'minoti va unga texnik xizmat ko‘rsatish uchun mas'ul xodimlar malakasini oshirish majburiyati ular zimmasiga yuklanadi.

Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ITI negizida, xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilgan holda bunday mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Quyidagilar tegishincha ikki va uch oylik muddatda tasdiqlanadi:

• qiyoslash va davriy sinovlardan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tibbiy texnika ro‘yxati;
• tibbiy laboratoriyalarning sifatiga va kompetentligiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydigan standartlar.  

Tibbiyot tashkilotlarida foydalaniladigan, o‘quv (namoyish qilish) maqsadlari uchun qo‘llaniladiganidan tashqari, o‘lchash funksiyalariga ega bo‘lgan barcha tibbiy texnika (bundan keyin – O‘FTT) metrologik nazoratdan o‘tkazilishi lozim.

O‘FTT ishlab chiqarishdan foydalanishga chiqarilishda, ta'mirlashdan so‘ng, shuningdek foydalanish jarayonida qiyoslashdan o‘tkaziladi.

Quyidagilarda tashkil etiladigan statsionar va ko‘chma laboratoriyalar nazoratdan o‘tkazadilar:

• O‘zbekiston milliy metrologiya instituti;
• «O‘zstandart» agentligining hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari.

O‘FTTni transportda tashish imkoni mavjud bo‘lmaganda qiyoslash bevosita ular joylashgan joylarda, qiyoslovchilarni xizmat safariga yuborish yo‘li bilan o‘tkazilishi mumkin.

Qiyoslash ariza beruvchining yozma arizasiga ko‘ra o‘tkaziladi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:

• ariza beruvchining nomi va rekvizitlari;
• O‘FTT nomi, turi (belgisi), metrologik tavsiflari, miqdori va ishlab chiqaruvchi mamlakat;
• arizaga ilova qilinadigan me'yoriy, texnik va ilova qilingan hujjatlar ro‘yxati;
• O‘FTTni qiyoslash bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash kafolatlangan majburiyat.

Shuningdek tibbiy texnikaning o‘zi, undan foydalanish hujjatlari hamda qiyoslash usuli va vositalarini reglamentlovchi me'yoriy hujjat taqdim etiladi.

O‘FTTning qiyoslashda bo‘lish vaqti – 15 ish kunidan ortiq emas. Vaqt normasi qiyoslash usuliga asosan ko‘rsatilgan muddatdan oshadigan O‘FTT uchun istisno qilinadi. Biroq u ham 30 ish kunidan oshmasligi kerak.

Qiyoslash natijalariga ko‘ra, O‘FTT qo‘llanishga yaroqli deb tan olingan taqdirda sertifikat beriladi. Shuningdek O‘FTTga yoki uning texnik hujjatiga qiyoslash tamg‘asining bosma izi qo‘yiladi.

O‘FTT qo‘llanishga yaroqsiz deb tan olingan taqdirda qo‘llanishga yaroqsizligi haqida xabarnoma yozib beriladi.

Sinovlar – tibbiy texnikaning foydalanishga yaroqliligini, shuningdek uning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ishlar kompleksi. Majburiy davriy sinovlardan diagnostika va kasalliklarni davolashda qo‘llanadigan, texnik tavsiflari me'yoriy hujjatlarga muvofiq me'yorlanmaydigan tibbiy texnika o‘tkaziladi.

Tibbiy texnika nomlari ro‘yxati va sinovdan o‘tkazish davriyligi O‘zstandart tomonidan belgilanadi. Sinovlarni u tomonidan akkreditatsiyalangan yuridik shaxslar o‘tkazadilar.

Tibbiy texnikadan kafolatlatlangan foydalanish muddati davrida uni ta'mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish va sinovdan o‘tkazish ishlab chiqaruvchi zavodlar (firmalar) shartnomaga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Shartnomalar mavjud bo‘lmagan taqdirda, kafolatlangan muddat davrida ushbu ishlar ishlab chiqaruvchi zavodlar (firmalar) tomonidan amalga oshiriladi. Bu holda akkreditatsiya talab etilmaydi.

Hujjat 17.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: