Paxta ichki bozorda qanday sotiladi?

O‘zbekiston 16:54 / 20.02.2018 30384

Vazirlar Mahkamasining 12.02.2018 yildagi 106-son qarori bilan Paxta tolasini birja savdolarida sotish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.uz.
 
Ushbu hujjat amalga kiritilgunga qadar (1.04.2018 yil) paxta tolasi uni qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan mahalliy to‘qimachilik korxonalariga «O‘zpaxtasanoat» AJ bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha yetkazib beriladi.
 
Nizom paxta tolasini birja savdolarida mahalliy iste'molchilarga sotish tartibini belgilaydi.
 
Quyidagilar birja savdolarida paxta tolasini sotadilar:

• «O‘zpaxtasanoat» AJ;
• paxtachilik-to‘qimachilik ishlab chiqarishi va klasterlar;
• paxta tolasini respublikaga ichki bozorda sotish uchun chet eldan import hisobiga olib keladigan tashkilotlar (O‘zbekiston rezidentlari yoki norezidentlari).
 
Xaridorlar tomonidan birja savdolarida sotib olingan paxta tolasidan respublika tashkilotlarida faqat ishlab chiqarish maqsadlari uchun foydalaniladi. Shu sababli mahalliy to‘qimachilik korxonalari hamda o‘z mahsulotini qayta ishlashda paxta tolasidan foydalanish zarurligi munosabati bilan yuridik shaxs tashkil etgan boshqa tashkilotlar birja savdolarida paxta tolasi xaridorlari sifatida belgilangan.
 
Paxta tolasini kelgusida qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlari mavjudligi to‘g‘risida birjaga tuman (shahar) hokimliklarining tavsiyalarini taqdim etgan xaridorlar savdolarga qo‘yiladi.
 
Tavsiyalar «O‘zstandart» agentligini jalb etgan holda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini o‘rganish yo‘li bilan murojaat qilingan paytdan boshlab majburiy tartibda 10 kun mobaynida beriladi. Tavsiyalar bir yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi.
 
Izoh. Tavsiya berishni kechiktirish savdolarda ishtirok etishga to‘sqinlik qila olmaydi. Belgilangan 10 kunlik muddat o‘tgandan keyin xaridorning tuman (shahar) hokimligiga murojaat qabul qilingan sana haqida belgi qo‘yilgan murojaati va hokimlikka yuborilgan yozma bildirishnoma (arizada qayd etilgan ishlab chiqarish quvvatlari doirasida) savdolarda ishtirok etish uchun asos hisoblanadi. Bunda tavsiya o‘z vaqtida berilmaganligi yoki noxolisona berilganligi oqibatlari uchun tegishli hokimlik va «O‘zstandart» agentligi javob beradi.
  
1) «O‘zpaxtasanoat» AJ. Iqtisodiyot vazirligi «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining takliflarini inobatga olgan holda birja savdolarida sotiladigan paxta tolasining choraklik va oylik hajmlarini belgilaydi.
 
Paxta tolasini «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan birja savdolariga qo‘yish tasdiqlangan ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 
«O‘zpaxtasanoat» AJ kelgusi oyning boshlanishidan 10 kun oldin birja savdolariga qo‘yiladigan kunlik mahsulot hajmi jadvalini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishadi. Savdolarga qo‘yiladigan jadvallarda birja savdolarida sotiladigan paxta tolasining hajmi, navi, tipi va klassi ko‘rsatiladi.
 
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 1 kun muddatda birjaning rasmiy saytiga joylashtirish uchun birjaga paxta tolasining birja savdolariga qo‘yiladigan kunlik hajmlari to‘g‘risida tasdiqlangan jadvallarni taqdim etadi;
 
2) import yoki o‘z paxta tolasini sotuvchi qolgan barcha tashkilotlar mavjud hajmlardan kelib chiqib paxta tolasini birja savdolarga o‘zlari mustaqil ravishda qo‘yadi.
                   
Paxta tolasini birja savdolarida sotish tasdiqlangan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi. Birja savdolari amaldagi qonun hujjatlariga, birja, birja a'zolari, sotuvchi va xaridorlar uchun majburiy hisoblanadigan birja savdolari va hisob-kitob-kliring xizmati qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
 
Paxta tolasining birja savdolari namunaviy birja kontraktlari asosida amalga oshiriladi, unda paxta terminalining markasi, joylashuvi, lot miqdori, paxta tolasining navi, tipi, klassi va birja tovarini identifikatsiya qilishga doir boshqa ma'lumotlar majburiy tarzda aks ettiriladi.
 
Sotuvchi va xaridorlar birja savdolarida mustaqil ravishda birja bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq diler sifatida yoki treyder nomidan brokerlar orqali mustaqil ishtirok etadilar.

Birja savdolari g‘oliblarini aniqlash va birja bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish o‘z-o‘zidan birja savdolarining elektron tizimi (bundan keyin – BSET) tomonidan amalga oshiriladi.
 
Birja bitimi elektron ro‘yxatga olingan kunda birja a'zolarining birja sotuvlari qoidasiga muvofiq birja tomonidan rasmiylashtirish uchun oldi-sotdi shartnomasi taqdim etiladi.
 
Paxta tolasi mahsulotlarini sotuvchilar tomonidan yetkazib berish 100 foiz oldindan haq to‘lash shartlarida amalga oshiriladi.
  
Bazaviy sifatli («Birinchi» nav, «O‘rta» klassli, 4 tip) respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun boshlang‘ich narx har kuni sotuvchi tomonidan «A» indeksining «Cotton Outlook» byulletenida e'lon qilinadigan kotirovkasi miqdoridan kelib chiqqan holda, CFR – Uzoq Sharq portlari shartlarida birjadagi navbatdagi savdolardan oldingi kunda, 10% miqdoridagi chegirish bilan belgilanadi.
 
Boshqa navlar, klasslar, tiplar va kodlar uchun boshlang‘ich narx Paxta tolasini sotish va hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq koeffitsiyentlar qo‘llangan holda aniqlanadi. Paxta tolasining maksimal narxi «A» indeksining «Cotton Outlook»da e'lon qilinadigan narx kotirovkasi miqdoridan yuqori bo‘lishi mumkin emas. Boshlang‘ich va maksimal narxlar to‘g‘risidagi ma'lumot «O‘zpaxtasanoat» AJning brokeri tomonidan savdo boshlanishdan avval BSETga kiritiladi.
 
Birja o‘zining rasmiy veb-saytida har haftada paxta tolasining o‘rtacha birja narxlarini e'lon qilib borishi shart.
  
Sotuvchi va xaridor hisob-kitob-kliring palatasidagi (bundan keyin – HKKP) o‘zlarining shaxsiy hisobvaraqlariga avans sifatida quyidagi zakalat pullarini kiritadilar:

• sotuvchi – savdolarga qo‘yiladigan mahsulot qiymatining 1%i miqdorida;
• xaridor – birja bitimining mo‘ljallanayotgan summasining 1%i miqdorida.
 
Xaridorlar birjada avans bilan ta'minlangan hajmlardagi mahsulotni sotib olishga bitim tuzishga haqlidir.
 
Sotuvchilar yoki xaridorlar tomonidan o‘ziga yuklatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, aybdor tomonidan jabrlanuvchi foydasiga jarima sifatida zakalat pullari ushlab qolinadi. Bunda sotuvchi tomonidan xaridor foydasiga undiriladigan jarima miqdori shartnomaning umumiy qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
 
Xaridor 5 ish kuni mobaynida birjaning ikkilamchi talab qilib olguncha depozit hisob raqamiga tuzilgan birja bitimiga muvofiq moliyaviy majburiyatlarni to‘liq qoplash uchun mablag‘lar o‘tkazishi shart.
 
HKKP oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq mablag‘lar to‘liq tushgandan keyin 1 ish kunida sotuvchining shaxsiy kabinetiga to‘langan bitimlar to‘g‘risida reyestrni taqdim etishi shart.
 
Sotuvchi HKKPdan sotib oluvchi tomonidan mahsulot qiymati uchun 100 foiz mablag‘lar tushganligi to‘g‘risida ma'lumotni olgandan keyin mahsulotni xaridorga 3 ish kuni mobaynida paxta terminalining FCA shartlarida yetkazib beradi.
 
Mahsulot terminalda berilgandan keyin sotuvchi va xaridor ro‘yxatdan o‘tkazilgan birja bitimi bo‘yicha mahsulotni topshirish-qabul qilish to‘g‘risida dalolatnoma tuzadilar.
 
Xaridorga mahsulotni topshirish-qabul qilish (yuklab jo‘natish) sotuvchining bildirishnomalari bo‘yicha terminallardan birja bitimlarida nazarda tutilgan hajm va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
 
Mahsulotni sertifikatlash, terminalning mahsulotni saqlash, yuklab jo‘natish va topshirish-qabul qilish dalolatnomasi imzolangungacha amalga oshirilgan boshqa xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlar sotuvchi tomonidan to‘lanadi.
 
Terminalning saqlash, transport agentiga yuklash bo‘yicha ko‘maklashish, yuklab jo‘natish va topshirish-qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnoma imzolangandan keyin amalga oshiriladigan boshqa ishlar bilan bog‘liq xizmatlari xarajatlari xaridor tomonidan to‘lanadi.
 
Hujjat 1.04.2018 yildan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: