Qozog‘iston IIV O‘zbekistonning 52 fuqarosi halok bo‘lgan avtobus texnik nosoz bo‘lganini ma'lum qildi

O‘zbekiston 12:00 / 20.02.2018 24050

Yong‘in tufayli O‘zbekistonning 52 fuqarosi fojiali o‘limiga sabab bo‘lgan avtobus texnik nosoz bo‘lgan. Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Qosimovning mamlakat parlamenti deputatlari so‘roviga javobida aytiladi.

Ta'kidlanishicha, vazirlik tergov departamenti Aqto‘be oblastida 52 kishining halok bo‘lishi holati yuzasidan Qozog‘iston JKning 345-moddasi 4-qismi va 348-moddasi 4-qismi bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atgan.

«Tergov bilan aniqlanishicha, Chimkent-Samara avtotrassasining 1068-kilometrida avtobus texnik nosozlik tufayli harakatlanishdan to‘xtagan. Avtobus haydovchilari bu haqda tezkor xizmatlarga xabar bermay, yo‘lovchilar xavfsizligi bo‘yicha choralar ko‘rmay, Qozog‘iston Investitsiyalar va rivojlanish bo‘yicha vazirligi tomonidan tasdiqlangan «Avtomobil transportida yo‘lovchilar va yuklarni olib o‘tish qoidalari»ni buzgan holda yoqilgan kavshar lampa yordamida transport vositasi salonini isitishni boshlashgan, u yerda ehtiyotsizlik tufayli ochiq idishdan to‘kib yuborilgan benzin sababli yong‘in yuz bergan. Ayni damda avtobus haydovchilari Pernebekov M.F., Qirg‘izboyev N.A. hamda Tanatov B.M. jinoiy javobgarlikka tortilmoqda, ularga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi, uning davomida texnik nosoz avtobusning yo‘nalishga chiqarilishi sabablari, shartlari va asoslari aniqlanadi. Tergov yakuni bo‘yicha choralar ko‘rish uchun tegishli davlat, vakolatli organlarga taqdimnoma kiritiladi», - deyiladi javobda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Aqto‘be fojiasining asl sabablarini ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: