71 yoshli bemorga 3D-bosmadan chiqarilgan titan- qovurg‘alar o‘rnatildi

Jamiyat 23:33 / 20.02.2018 5616

71 yoshli britaniyalik Piter Maggs saraton sabab uch qovurg‘asi va ko‘krak qafasining bir qismidan mahrum bo‘lgandi. O‘simta shu qadar katta ediki, operatsiya vaqtida ko‘krak qafasining bir qismini olib tashlashga to‘g‘ri keldi. Biroq shifokorlar vaziyatdan chiqishning yo‘lini topishdi va yetishmagan suyaklarni 3D-bosmadan chiqarishdi, deyiladi WalesOnline nashrida.

Bunday holatlarda an'anaga ko‘ra sementdan ishlangan protezlar qo‘llaniladi. Biroq bu safar shifokorlar yanada mustahkam va asliga yaqinroq nusxa yaratishning uddasidan chiqishdi. Shifokorlar protez shakllantirishdi va sohaga  ixtisoslashgan kompaniyaga uning 3D-nusxasiga buyurtma berishdi. Implant mustahkamroq bo‘lishi uchun uni titandan tayyorlashga qaror qilindi.

Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi: Piter Maggs endi qisman titandan iborat va uning ahvoli yaxshilanmoqda. Shifokorlar ham mehnatlari samarasidan mamnunlar. Ular bunday yondashuvda operatsiya davomiyligi 2 soatga qisqarishini ta'kidlashmoqda, chunki tayyorgarlikning bir qismi avvaldan ko‘riladi. Operatsiyaga qadar kompyuter tomografiyasi o‘tkazilgan va shu skanlar asosida implant tayyorlangan. 

Shifokorlarning aytishicha, titan implant deformatsiyalar va jarohatlarga kamroq moyil bo‘ladi. Uni qolgan suyaklarga ulash ham osonroq. Bu butun ko‘krak qafasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi degani. Asosiy qo‘rquvlardan biri shu borada edi: qovurg‘alarsiz ichki organlar deformatsiyasi xavfi bor edi, biroq titan buni chetlab o‘tish imkonini berdi. 

Ko‘proq yangiliklar: