Janubiy Koreyaga ishga boradigan o‘zbekistonliklar uchun kvotalar soni ko‘paytiriladi

O‘zbekiston 15:42 / 19.02.2018 34890

Janubiy Koreya o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qabul qilish uchun kvotalar sonini ko‘paytirishi mumkin. Bu haqdagi muzokaralar ayni vaqtda Koreyada bo‘lib turgan Aholi bandligi va mehnat munosabatlari vazirligi delegatsiyalari tomonidan o‘tkazilmoqda, deb xabar qilingan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi saytida.

Bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda noqonuniy migratsiya muammosi mavjud. Ayrim ekspertlar fikriga ko‘ra, Koreyada O‘zbekistondan bo‘lgan bir necha o‘n ming nafar mehnat migrantlari noqonuniy faoliyat yuritayotgan bo‘lishlari mumkin. 

Shu bilan birga, 2007 yildan 2016 yilgacha 27 ming nafar o‘zbekistonlik Janubiy Koreyada qonuniy ishlash huquqini qo‘lga kiritgan.

Ushbu holatni o‘nglash uchun migrantlarni qabul qilish kvotasini ko‘paytirish, shuningdek, ularni Koreya iqtisodiyotining boshqa sohalariga ham jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Tez kunlarda Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida ochilishi ko‘zda tutilgan O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentligi bu jarayonda yordam berishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi malakali kadrlarni tayyorlash sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilmoqda.

Buning uchun O‘zbekistonda Janubiy Koreyaga o‘qish va mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketishga tayyor fuqarolarni tayyorlaydigan o‘quv markazlarini ochish rejalashtirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: