Temur Kapadze nega Server Jyeparov va Aziz Haydarovni terma jamoaga chaqirmagani sababini aytdi

Sport 13:16 / 19.02.2018 69051

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajarayotgan Temur Kapadze yaqinda e'lon qilgan 30 kishilik kengaytirilgan tarkibi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Siz e'lon qilgan tarkibda Server Jyeparovni ko‘rmadik. Bu uning terma jamoadagi futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan dalolatmi yoki boshqa sabablar ham bormi?
— Bu eng avvalo kelajak uchun qilinayotgan ish. Chunki, yoshlarimiz safida ham kuchli futbolchilar bor. Oldimizdagi ilk vazifa tarkibni yoshartirib, ularni tayyorlab borish. Osiyo o‘yinlari, qit'a chempionati, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari va albatta jahon chempionati turibdi. Kelishilgan holda tarkibga Server Jyeparovni ham, Aziz Haydarovni ham chaqirmadik. Tarkib yoshartirilayotgani sabab ushbu yig‘inga ularni bekorga ovora qilib chaqirib o‘tirishni istamadim. Qolaversa futbolda avlodlar almashinuvi tabiiy holat. Barcha professional futbolchilar buni tushunishlari, to‘g‘ri qabul qilishlari lozim. 

— Bu borada Serverning o‘zi qanday munosabat bildirdi?
— Unga barchasini tushuntirdim. U ham qarorni to‘g‘ri qabul qildi. Jyeparov 35 yoshda. Balki, chet ellik murabbiy kelib uni yana milliy terma jamoaga chaqirar. Uni nimalarga qodir ekanligini barchamiz bilishimizni, hozir to‘p surayotgan klubidan bezovta qilmoqchi emasligimizni tushuntirdim. Uning qanday yordami tegishi mumkinligini barchamiz bilamiz. Shunchaki, hozir yoshlarning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqchimiz. Shuningdek, Azizning ham imkoniyatini hamma biladi. Unga ham barchasini tushuntirdim. Ular to‘g‘ri qabul qilishdi. Chunki, bundan buyog‘iga xohlaymizmi-yo‘qmi milliy terma jamoamiz asosini yoshlarimiz tashkil qiladi. Ularni hozirdan tayyorlab borsak to‘g‘ri bo‘ladi, deya gapirib o‘tdi Kapadze Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida. 

Ko‘proq yangiliklar: