Eron TIV rahbari Javod Zarif Netanyahuning Myunxendagi chiqishini «sirk» deb atadi

Jahon 00:15 / 19.02.2018 8704

Myunxenda o‘tayotgan xavfsizlik bo‘yicha xalqaro konferensiyada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahudan keyin bir necha soat o‘tib so‘zga chiqqan Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Eron aslo mintaqada gegemonlikka intilmayotganligi, mintaqada tinchlik o‘rnatish uchun birgalikda sa'y-harakat qilinmasa, boshboshdoqlik boshlanishi haqida gapirgan.

Zarifning so‘zlariga ko‘ra, Tehron Fors ko‘rfazi davlatlariga umumiy xavfsizlik tizimini yaratishga xizmat qiluvchi harbiy sohada ishonchli hamkorlikni mustahkamlash uchun birgalikda qadam bosishni taklif etmoqda.

«Agar bizning qo‘shnilarimiz bizga qo‘shilishsa, bu mintaqada rasmiy va norasmiy darajada muloqotni tashkillashtiruvchi vosita bo‘luvchi forumga aylanishi mumkin. Eron tomonidan taklif etilgan rejaning parametrlari juda oddiy, lekin samarali. Manfaatlar ziddiyatiga nisbatan nopisandlik o‘rniga, biz farqli fikrlar va ixtiloflarni qabul qilamiz. Helsinki jarayoni singari bo‘lajak Fors ko‘rfazi xavfsizligi rejasi ishonchni mustahkamlash borasida turli choralar prinsipiga asoslanishi kerak. O‘zaro harbiy tashriflardan tortib, harbiy o‘quv-mashqlarini o‘tkazishga qadar, qurollanish sohasida transparentlik chorasi va qurol-yarog‘ sotib olishdan harbiy xarajatlarni qisqartirishgacha. Umid qilamanki, bularning barchasi alal-oqibatda yaqin kelajakda o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi mintaqaviy pakt imzolanishiga olib keladi», — degan Eron TIV rahbari Javod Zarif.

Isroilning Eron manziliga tanqidini Zarif rad etdi va Netanyahuning chiqishini, ayniqsa o‘zi bilan dronning bir bo‘lagini olib kelganini «sirk» deb atadi. Eron TIV rahbarining fikricha, bu manzara hech qanday izohga muhtoj emas. 

Eron va xalqaro vositachilar «oltiligi»ning yadroviy bitim kelajagi haqida gapirar ekan, Zarif Tehron undan chiquvchi birinchi mamlakat bo‘lmasligini ta'kidladi.

«Men sizlarni ishontiramanki, Umumqamrovli rejalar dasturi bitimi doirasida Eronning manfaatlari ta'minlanmasa, Eron javob beradi. Javob ham shu qadar jiddiy bo‘ladiki, ayrimlar bundan afsus qilishadi», — dedi Zarif.

AQSh prezidenti Donald Tramp 12 yanvar kuni Eron bilan «yadroviy bitim» doirasida sanksiyalarni yechish rejimini uzaytirish haqida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, Oq uy rahbari Eronni «terrorizmning bosh homiysi» deb atadi va Eron tomonidan ballistik raketalarning sinovdan o‘tkazilganiga qarshi qat'iy sanksiyalarni qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yish niyati borligini aytib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: