Britaniyaning BAFTA kinoakademiyasi eng yaxshi filmni ma'lum qildi

Jahon 09:25 / 19.02.2018 3745

Rejissyor Martin Makdonaxning "Ebbing, Missuri chegarasidagi uch bilbord" kartinasi Britaniya kino va telesan'at akademiyasining (BAFTA) "Eng yaxshi film" nominatsiyasida g‘alaba qozondi.

Mukofotni topshirish marosimi yakshanba kuni Qirollik Albert-Hollida bo‘lib o‘tdi.

Kriminal drama amerikalik Mildred Heys haqida hikoya qiladi. U o‘z qizining zo‘rlanishi va o‘ldirilishi bo‘yicha jinoiy ish yuzasidan surishtiruvlar tiklanishiga erishmoqchi bo‘ladi. Bosh qahramon o‘z muammosiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilik e'tiborini tortish uchun shahar chetidan uchta reklama ustunini ijaraga olib, u yerda bosh sherifga chaqiriqni joylashtiradi.

"Ebbing, Missuri chegarasidagi uch bilbord" kartinasidan skrinshot

To‘qqizta nominatsiyada g‘oliblik uchun kurashgan kinokartina besh yo‘nalishda tengsiz deb topildi. Eng yaxshi ayol roli uchun mukofotni 60 yoshli amerikalik aktrisa Frensis Makdormand qo‘lga kiritdi, u ushbu kartinada bosh qahramon obrazini gavdalantirgan. Ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak roli zobit Diksonni o‘ynagan Sem Rokuellga nasib etdi. Film ssenariysi "Eng yaxshi original ssenariy" mukofotiga ega chiqdi.

Britaniya kino va televizion san'at akademiyasi – mustaqil xayriya tashkiloti bo‘lib, u kinoni qo‘llab-quvvatlaydi, rivojlantiradi hamda targ‘ib etadi. BAFTA mukofoti Buyuk Britaniyaning eng nufuzli kinomukofoti hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: