Bog‘bonlar dardi: «Tirikchilik nima bo‘ladi?»

Jamiyat 15:53 / 19.02.2018 34499

«KUN.UZ» tahririyatiga Namangan viloyatining Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Uning mazmuni quyidagicha:

“Chortoq tumani hududida bog‘ barpo etish masalasida Namangan viloyati, Chortoq tumani hokimi nomiga 2011 yilda ariza bilan murojaat qilingan. Mazkur arizaga ko‘ra, tuman hokimining 2011 yil 10 oktabrdagi 788-sonli qarori bilan, "Chortoq meva uzum" agrofirmasi hududi 569-konturidan 3,0 ga, 556-konturidan 3,6 ga ijara asosida (2011 yildan 2060 yilgacha jami 50 yil muddatga), jami 6,6 ga yer ajratilgan.

Ajratilgan yer maydonlarida ishchi kuchi yollanib yerni tozalash, kerakli ishlov berish amalga oshirilib, mazkur hududda 1 gektardan jami 6 ta bog‘ barpo etilgan. 2017 yilda mazkur hudud respublika yer fondi zaxirasida ekanligi haqida ma'lum qilingandan so‘ng, bog‘ egalari tomonidan bog‘ni qayta rasmiylashtirib berish masalasida tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qilingan, lekin ariza hokimlik tomonidan ko‘rib chiqilmagan, unga rasman javob berilmagan.

Hozirgi kunga kelib tuman hokimligi yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati tomonidan bog‘ni buzib tashlanishi aytilmoqda. Bog‘ joylashgan hududning adirlikda joylashganligi, ball bonitetining pastligi (55 ball boniteti) tufayli mazkur hudud faqat bog‘dorchilik uchun qulay hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur bog‘da mevalar hosilga kirib, bir nechta oilalar mazkur bog‘ orqali ro‘zg‘or tebratib kelishmoqda.

Bog‘ni buzib tashlanishi oqibatida bir necha oilalar tirikchilik manbaisiz qolishini inobatga olgan holda ushbu masalada amaliy yordam berishingizni so‘rayman. Barcha ijarachilar nomidan Olimjon Majidov”.

Biz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Chortoq tumanida bo‘lib, bog‘bonlar, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, tuman hokimligi mutasaddilarining fikrlarini atroflicha tingladik.

Bog‘bon Olimjon Majidovning aytishicha, tuman hokimining qaroriga binoan “Zafar Zohid Sardorbek” fermer xo‘jaligi ixtiyoriga ajratilgan, keyinchalik tuman zaxirasiga olingan 6,6 gektar yer maydonida intensiv bog‘ barpo etilib, undan hozirga qadar o‘nga yaqin bog‘bon foydalanib kelmoqda.

Mazkur fermer xo‘jaligiga qonunda belgilangan tartibda tegishli idoralarga o‘z vaqtida hisobotlarni topshirish va soliq to‘lovlarini to‘lab borish, yerdan oqilona foydalanish, yerni unumdorligini oshirish vazifasi yuklatilgan edi. Bu majburiyatlar bog‘bonlar tomonidan ado etib kelingan. Dengiz sathidan 615 metr balandlikda joylashgan, adirliklar bag‘riga yastangan ajib bog‘da bobodehqonlar tomonidan, mana, olti yildan buyon yetishtirilayotgan olma, bodom, olxo‘ri, shaftoli kabi sarxil mevalar xalqimiz dasturxoniga tortiq etilmoqda.

Chortoq tumani hokimining 2015 yil 3 sentabrdagi 960-sonli qarori bilan, Olimjon Majidov nomiga ajratib berilgan yer maydonidagi bog‘larga egalik qilish huquqi hamda ijara shartnomasi tuman hokimining fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi berish to‘g‘risidagi qarori viloyat hokimi boshchilik qiladigan yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi viloyat komissiyasi tomonidan tasdiqlanmaganligi sababli bekor qilindi.

Ta'kidlash joiz, bu yer qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish bilan bog‘liq bo‘lgan 2009-2015 yillarda qabul qilingan qarorlarni qonunga muvofiqligini inventarizatsiyadan o‘tkazish yakunlari va yerlardan samarali foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish chora-tadbirlari doirasida tuman yer zaxirasiga kiritilgan.

Mazkur qarorning tegishli bandida nazarda tutilgan bo‘lishiga qaramasdan, bu haqda na fermer xo‘jaligi rahbari, na bog‘bonlar xabardor etilgan. Bundan bir yil o‘tgach voqif bo‘lgan bog‘bonlar yerga egalik huquqini olish ilinjida davlat idoralarida sarson-sargardon bo‘lib yurishibdi.

- Mana, ikki yildan buyon tuman hokimligi, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, Prezidentning Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatlarimiz javobsiz qoldirildi. 2017 yil boshida tayinlangan tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Inomjon aka ham dardimizni eshitishni, hujjatlarimizni qabul qilishni istamayapti, - deydi bog‘bon Murodjon Najmiddinov. - Bu boqqa  nafaqat o‘zimiz, balki oila-a'zolarimizning yetti yillik mashaqqatli mehnatlari tikilgan. Ekkan daraxtlarimiz endi bu yil yaxshi hosilga kiray deganda, bog‘ni buzib tashlashini aytishdi. Tuman hokimi qabulida bo‘lganimizda, bizga bolalar sportiga, metallomga pul o‘tkazib berish lozimligini aytishdi. Har birimiz imkoniyatimiz darajasida, 200-250 ming so‘mdan homiylik mablag‘larini o‘tkazib berdik. Ammo shunga qaramay muammo hal etilmayapti. O‘zingiz o‘ylang, uch nafar farzandim bor. Poytaxtdagi oliygohda tahsil olayotgan to‘ng‘ich o‘g‘limni moddiy ta'minotini uddasidan chiqishni o‘zi bo‘ladimi, bir o‘zim ishlasam axir. Tumanda tuppa-tuzuk tashkilotga ishga kiraylik desak, muqim ishlab turgan sanoat korxonasining o‘zi bo‘lmasa. Bog‘ olib qo‘yilsa, ishsizlikdan biz ham bola-chaqamizni tashlab chet-elga tirikchilik uchun ketaylikmi? O‘zimizda tayyor imkoniyat bo‘la turib, jabru sitamlarga uchraylikmi?

Mazkur masala yuzasidan tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi rahbari Inomjon Safarov bizga shunday dedi:

- Aslini olganda bu bog‘ paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan. Shunday bo‘lsa-da, ularga tuman hokimining qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 sentabrdagi 02-23-73-sonli xatiga asosan fuqarolar Valijon Jo‘rayev va Olimjon Majidovlarga jami 11,6 ga. yer maydonlari bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ajratib berilgan. Lekin qulay tabiiy iqlim sharoiti bo‘lishiga qaramasdan, ijaraga oluvchilarning aybi bilan hosildorlik darajasi keyingi uch yil mobaynida belgilangan normativdan pasaytirib yuborilgani sababli yer ijara shartnomasi bekor qilingan. Bu haqdagi hokim qaroridan Olimjon Majidovning xabari bo‘lgan. Viloyat hokimining tegishli farmoyishiga binoan bog‘ni buzilishi belgilangan. Biroq tuman hokimi, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bilan bog‘dagi holat o‘rganilganda, bog‘ foydalanuvchilariga imkoniyat berish haqida bir to‘xtamga kelindi.

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: adirlikdagi bog‘ o‘rnida qanday qilib paxta-yu g‘alla ekish, undan manfaatdorlik ko‘rish mumkin? Aytishlaricha, bu yer joylashgan hududning adirlikda joylashganligi, ball bonitetining pastligi (55 ball boniteti) tufayli mazkur hudud faqat bog‘dorchilik uchun qulay. Paxtachilik va g‘allachilikda 50 sentnerni qo‘ya turaylik, hatto hosilni 20 sentnerga ham ko‘tarib bo‘lmaydi, deyishmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil iyul oyida Namangan viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida ham Chortoq tumanini bog‘dorchilikka yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga ixtisoslashtirish vazifasi yuklatilgan edi-ku!

Bog‘da tirikchilik qilayotgan Olimjon Majidov, Ahmadjon Murodov, O‘ktamjon Ergashev, Sodiqjon Soliyev, Murodjon Najmiddinov, Isoqjon Norimov, Ahmadbek Rahimov, Kamoliddin Ergashev, Boburjon Xolmirzayev, Bahodir Umrzoqovlar hamrohligida masala yuzasidan Chortoq tumani hokimi Oybek Haydarov qabulida bo‘ldik.

- Tumanimizda bugunga kunda zaxiraga olingan yer maydonlari deyarli yo‘q. Biz mavjud yer maydonlaridan, kerak bo‘lsa har bir qarich yerdan oqilona foydalanishimiz lozim. Oldimizda esa tumanimizning 15 million dollarlik eksport rejasini ado etish vazifasi turibdi. Har biringiz ayni shu jihatga alohida e'tibor qaratishingizni istar edim, - dedi tuman hokimi Oybek Haydarov. – Tuman hokimligi hamda yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan bir oy muddat ichida zaxiraga olingan bog‘ hududida yangitdan fermer xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha tender tanlovini o‘tkazish, har biringizga bir gektardan yer maydonini ajratib berish chorasi ko‘riladi.

Shaxsan mamlakatimiz rahbari bu masalaga o‘zi bevosita e'tibor qaratib kelayotgan bir vaqtda davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarning ochiqligi jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan muammolarni bartaraf etilishida muhim o‘rin tutadi.

O‘ylaymizki, Chortoq tumani hokimi va mutasaddilari ham bergan va'dalarida sobit bo‘lib, bog‘bonlarning yerini huquqiy jihatdan rasmiylashtirib berishadi. «KUN.UZ» tahririyati bu masalaga yana qaytadi.

Oqilxon Dadaboyev,
jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: