Voqeaga oydinlik kiritish: Marg‘ilondagi nogironlar uyida yashovchi ayol joniga qasd qilganmidi?

Jamiyat 01:21 / 18.02.2018 77692

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan mash'um ma'lumotdan ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak. 12 fevral kuni bir necha axborot nashrlarida Marg‘ilon shahridagi 2-yotoqxonada yashovchi Dilorom Mamirova o‘zini osmoqchi bo‘lgani va uni qo‘shnilari qutqarib qolganligi haqida videolavha tarqaldi.

Ayolning o‘z joniga nima sababdan qasd qilganining sababini aniqlash, bo‘lib o‘tgan voqeaga oydinlik kiritish maqsadida KUN.UZ muxbirlari Marg‘ilon shahriga bordi.

Internet sahifalarida berilgan ma'lumotlardan so‘ng o‘sha yotoqxona haqida salbiy tushuncha shakllangan edi. Borib, ko‘rib, sharoit bilan tanishgach, vaziyat boshqacha ekanligini bildik.

Ilgari iqtisodiyot kolleji yotoqxonasi bo‘lgan bino o‘tgan yilning dekabr oyida 86 ta nogiron va nogiron farzandlari bo‘lgan oilalarga yashash uchun xonadon sifatida bo‘lib berilgan ekan.

To‘rt qavatli bino nogironlarga berilishidan oldin, to‘la ta'mirlangan va xonalarda yashash uchun barcha sharoitlar yaratilibdi. Kirishdagi foye, korridor, zinapoyalar risoladagidek. Har bir oila turadigan ikki xonali turar joyida sanuzel, oshxona to‘la jihozlangani ham bor gap. Bir qarashda turarjoyda barcha qulayliklar yaratilgan.

Lekin, maskanda istiqomat qilayotgan oilalarda hali yechimini kutayotgan muammolar mavjud.

Yotoqxona eshigi oldida turgan ayol muxbir ekanligimizni bilgach, nimagadir ko‘ziga yosh oldi. Bu haqda esa keyinroq bafurja gaplashamiz…

Biz borgan payt o‘z joniga qasd qilganligi haqida xabarlar tarqagan Dilorom Mamirova yashash joyida yo‘q ekan. Bir necha soat kutganimizda ham undan darak bo‘lmadi.

Bino mutasaddisi Doniyor Toshpo‘latovni topgach, u bilan birgalikda yashovchilar sharoiti bilan tanishdik. Nogiron qiz Muxlisa To‘lanova onasi bilan istiqomat qilayotgan 8- xonadonga kirib, ularni suhbatini oldik.

“Biz Toshloq tumanidagi Qaqir qishlog‘idanmiz. 26 yoshimda erim olamdan o‘tib, beva qolganman. So‘ng qizim falokatga uchrab, to‘shakka mixlandi. Onamni uyida, nogiron qizim bilan yashardik. Juda ko‘p yillar o‘z uyimiz bo‘lishini orzu qilib, hokimiyatga murojaat qilganimizdan so‘ng mana shu joydan ikki xonani berishdi. Televizor, gaz plitasi, siz ko‘rib turgan uy jihozlarining barchasi hokimiyat tomonidan sovg‘a qilingan”,-deydi Mo‘'tabarxon opa.

“Yuqori qavatdagi qo‘shningizni o‘z joniga qasd qilganidan xabaringiz bormi?” degan savolga ona-bola, tashqariga kam chiqishi va hali qo‘ni-qo‘shnilar bilan to‘liq tanishmaganligini bildirishdi.

Bu orada yotoqxonaga Marg‘ilon shahar hokimi birinchi o‘rinbosari Iqboljon G‘ofurov va hokimlik huzuridagi uy-joylarni ro‘yxatga olish va taqsimlash bo‘limi boshlig‘i Muxtorjon Yakubovlar ham kelishdi.

Internetda tarqalgan ma'lumotlarda, hokimlik vakillari yotoqxonada yashovchilardan uch oylik ijara pulini to‘lab qo‘yishlari talab qilinganligi haqida yozilgan edi.

Darhaqiqat, rasmiy qoida va hujjatlarga asosan davlat ixtiyoridagi yotoqxonada istiqomat qiluvchilar yashash xonasi kvadrat metridan kelib chiqqan holda, oyiga ma'lum bir summada ijara haqi to‘lab turishlari lozim. Bu mablag‘lar binoni saqlanishi, va boshqa xizmatlar uchun ishlatiladi. 

Nogiron qiz Muxlisaning onasi bizga: “Haqiqatda, bizni ham ijara uchun pul to‘lash kerakligi haqida ogohlantirishdi. Lekin, o‘ylab ko‘ringlar, joyidan qimirlamaydigan qizim uchun bir oyda 336 ming so‘m nafaqa olaman. Bir joyga kirib ishlay desam, qizimni qarovsiz qoldirishning ilojisi yo‘q. Yemoq-ichmoq, kiyim-bosh umuman tirikchilik uchun oyiga 336 ming so‘m zo‘rg‘a yetadi. O‘sha kundan beri xijolatda yashayapman. Nima qilay?”, deya zorlanib gapirdi.

Mo‘'tabarxon opa davlatimiz tomonidan nogironlarga uy-joy berilishi, ularni tashvishlarini yengillashtirishga qilingan samarali harakatlarga tashakkur bildira, ko‘zida yosh bilan duo qilib, so‘ng ushbu muammo haqida so‘zladi.

Yotoqxonada istiqomat qiluvchilarning barchasi ham shu fikrda deb bo‘lmaydi. Masalan, 31-xonadonda yashovchi, ikki nafar nogiron farzand tarbiyalayotgan Nigora Abdullayevning turmush o‘rtog‘ining ish joyi va mablag‘i tayin. U bizga: “Yangi uyga faqat faqat idish-tovoq va ko‘rpa-to‘shagimiz bilan keldik. Siz ko‘rib turgan barcha uy jihozlari, gilam, divan, o‘g‘illarimga velosiped hammasini sovg‘a qilishgan. Oyiga 400-500 ming to‘lab ijarada turar edik. Davlatimizga ming bora rahmat. Bizni muqim yashash joyi bilan ta'minladi. Bolalarimga o‘qituvchilar kelib, uy maktabida dars berib ketishyapti” deydi.

Bu oilaning boquvchisi bor. Ijara pulidan xavotirga tushmasa ham bo‘ladi. Lekin, 56 xonadonning hammasida ham sharoit bir xil emas.

Xonadon sohiblariga, o‘z joniga qasd qilgan yotoqxonadoshi haqida gapirsangiz, barchasi inkor qildi. Tarqatilgan xabarlarda o‘sha yerda bo‘lganligi aytilgan qo‘shni yigit Saidakbar Qobilov umuman jarayonda qatnashmaganini bildirdi.

Hokimiyat tomonidan berilgan uy-jihozlari va pardalar o‘z joyida turganiga guvoh bo‘ldik. Tabiiy gazdan esa muammo yo‘q ekan. 

Marg‘ilon hokimining birinchi o‘rinbosari ijara puli to‘lashga imkoniyati yo‘q kishilardan hech kim majburiy tarzda mablag‘ undirmasligi va bu muammo hokimiyat tomonidan hal qilinishini aytdi.

Ko‘ngli yarim kishilar bilan suhbatlashishni o‘zi qiyin. Fikrimizcha, Dilorom Mamirova bilan ijara puli haqida suhbatlashgan mutasaddi ayol mana shu jihatlarga e'tibor bermagan ko‘rinadi.

Aytishlaricha, Dilorom Mamirova uyida gaz plitasi yo‘qligidan ham noligan ekan, qo‘shnilardan biri o‘zinikini bergan.

Bunday kishilar bilan ruhiy holatini hisobga olgan holda, juda ehtiyotkorlik bilan gaplashish kerakligini biz ham his qildik. Ular bilan suhbat davomida, ozgina ta'sirli gapimiz ham ularning ko‘zida yosh qalqishiga sabab bo‘laverdi..

Gapning indallosi, yotoqxonada sharoit, o‘ziga qasd qilishga darajasida yomon emas. Balki, namunali ekan.

Yashovchilarning ruhiy holati bilan ish olib borish esa, mutasaddilarga mas'uliyat yuklaydi. 

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: