Toshkentda II Xalqaro gidlar forumi o‘tkaziladi

O‘zbekiston 17:10 / 18.02.2018 6255

21-22 fevral kunlari Toshkent shahrida "Ipak yo‘li: chegarasiz hamkorlik" nomli II Xalqaro gidlar forumi o‘tkaziladi. Unda 120 dan ortiq milliy va xalqaro gid hamda ekspert ishtirok etishadi, ularni ikki kunlik ma'rifiy va ko‘ngilochar dasturlar kutmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

II Xalqaro gidlar forumi har yili Jahon gidlar va ekskursiyachilar kunini nishonlash doirasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbir Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Tasviriy san'at galereyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.

Gidlar forumi ekskursiya faoliyati bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilish, tajriba almashish, shuningdek muloqot o‘rnatish hamda gid ishining mohiyati bo‘yicha keng jamoatchilik xabardorligini oshirish yo‘lidagi sa'y-harakatlarni birlashtiruvchi ochiq va keng xalqaro platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Forumning asosiy vazifasi – "Ipak yo‘li" transkontinental yo‘nalishida joylashgan mamlakatlar vakillari o‘rtasida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish va bu maqsad yo‘lidagi xatti-harakatlarni birlashtirish. Bu bundan keyingi hamkorlik uchun mustahkam asos yaratish hamda hamkorlikda yangi qiziq loyihalarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Forum dasturi uch maydonda bo‘lib o‘tadi:

  • muhokama maydoni (21.02.2018): rasmiy qism va muhokamalar sessiyasini o‘z ichiga olgan "Ipak yo‘li: chegarasiz hamkorlik" xalqaro ilmiy-amaliy anjumani. Unda birinchi marta Ozarboyjon, Armaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Serbiya, Turkiya kabi mamlakatlardan turizm va madaniyat sohasidagi davlat boshqaruv organlari vakillari, xalqaro ekspertlar, gidlar va muzey ekskursiyachilari ishtirok etadi. Shuningdek Jahon turistik gidlar assotsiatsiyalari federatsiyasi vakillari ham qatnashib, ishtirokchilarga gidlar qanday tayyorlanishi hamda ularni tayyorlovchi milliy assotsiatsiyalar faoliyatiga doir ma'lumotlar bilan bo‘lishishadi. Anjuman davomida O‘zbekiston turizm sohasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan gidlar va muzey ekskursiyachilarini tantanali mukofotlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, forum davomida Respublika turizm sohasida faoliyat yurituvchi kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi Qozon federal universiteti bilan Hamkorlik memorandumini imzolaydi;
  • gid laborotoriyasi (22.02.2018) Toshkent va Buxoro shaharlari gidlari va muzey ekskursiyachilari uchun xalqaro ekspertlardan 5 mahorat darsini o‘z ichiga olgan. Bu mahorat darslari gidlarning professional faoliyatidagi ko‘nikmalari, bilimlari va mahoratlarini takomillashtirishga qaratilgan;
  • ekspozitsion qism (22.02.2018) forum ishtirokchilari va mehmonlari uchun professional gidlar hamrohligida Tasviriy san'at galereyasini ko‘zdan kechirish va Toshkent shahri bo‘ylab ekskursion dasturlarni o‘z ichiga olgan.

Birinchi marta Forumning ekspozitsion qismi - O‘zbekistondagi Tasviriy sa'nat galereyasida "Gidning oddiy kunlari"  fotoko‘rgazmasi ish boshlaydi, unda respublika milliy gidlarining qiziqarli fotosuratlari namoyish etiladi.

Shuningdek Forum doirasida Respublika turizm sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi tomonidan turistik biznes vakillari bilan hamkorlikda "Cheksiz mehr" xayriya aksiyasi - nogironligi bo‘lgan bolalar uchun Toshkent shahri bo‘ylab ekskursion turlar tashkil qilindi.

Forum ishi natijalariga ko‘ra gidlar faoliyati samaradorligini oshirish, o‘quv va ilmiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish, yangi loyihalarni amalga oshirish, hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolashga doir tavsiyalar tayyorlanadi.

Ta'kidlash joizki, Jahon gidlar va ekskursiyaschilar kuni 1990 yilda Jahon turistik gidlar assotsiatsiyalari fkdkratsiyasi tomonidan ta'sis etilgan va dunyoning 70 mamlakatida keng nishonlanadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning 1 yanvariga kelib O‘zbekistonda 400 gid faoliyat olib bormoqda, bulardan 150 nafari - Toshkent shahrida, 135 nafari - Samarqand viloyatida, 60 nafari - Buxoro viloyatida, 40 nafari - Xorazmda, 10 nafari - Farg‘ona vodiysida va 5 mutaxassis Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritadi.

Ko‘proq yangiliklar: