Olimpiadada norovirusdan kasallanganlar soni ortmoqda 

Sport 22:40 / 18.02.2018 8887

Pyongchangdagi Olimpiadada norovirus infeksiyasidan kasallanganlar soni ortib bormoqda. Ayni vaqtda bu yuqumli virusdan zararlanganlar soni 275 nafarga yetgan.

Virus tarqalgani haqida 8 fevralda ma'lum bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, kasallanganlar Olimpiya qishlog‘ida emas, balki shahardagi yoshlar markazida yashashgan.  

Virusdan eng ko‘p ko‘ngillilar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar jabr ko‘rgan. Avvalroq Olimpiadadagi 1200 qo‘riqchi ushbu virus sababli o‘z vazifasidan chetlatilgani, ularning o‘rnini askarlar egallashgani ma'lum qilingan.

Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi vakilining aytishicha, 200 dan ko‘proq kishi virusdan xalos bo‘la olgan. Yana 50 odam karantinda qolmoqda.

Shuningdek, shveysariyalik ikki chang‘ichi virus yuqtirib olgan ilk sportchilar bo‘ldi. 

Virusning tarqalishi Olimpiadada taom tayyorlashda ishlatiladigan sifatsiz suv bilan bog‘lanmoqda.

Norovirus o‘tkir oshqozon-ichak kasalligini keltirib chiqaradi. U yuqumli bo‘lib, oziq-ovqat yoki suv orqali yuqadi.

Ko‘proq yangiliklar: