Olimpiadada mojaro! Belarus prezidenti hakamlikdan darg‘azab bo‘ldi

Sport 17:00 / 18.02.2018 22840

Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari, mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko Qishki olimpiada o‘yinlarida ishtirok etayotgan fristaylchi Anton Kushnirga hakamlar qo‘ygan bahodan norozi bo‘lib Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOK) prezidenti Tomas Bax nomiga shikoyat xati yozdi. Bu haqda TASS nashri xabar tarqatdi.

«Federatsiyamiz bu holatdan keyin Pyongchangdagi xalqaro chang‘i sport federatsiyasi bilan gaplashib olish maqsadida hakamlarning qarori yuzasidan protest yozdi.

Javob qanday bo‘lishi aniq edi. Men tunda Tashqi ishlar vazirligini oyoqqa turg‘azib, Janubiy Koreyadagi elchixona orqali faol ishlatishimga to‘g‘ri keldi. Zudlik bilan Bax nomiga hukumat miqyosidagi shikoyat xatini jo‘natdik. Unga barchasini aytdik, o‘ylaymanki, buni ancha yumshoq ko‘rinishda bildirdik.

Biz buni ochiqladik. Yashirish kerak emas. Sport jamoatchiligiga bu ogohlantiruv signali.

Lekin men bizning foydamizga qaror chiqariladi, deb o‘ylamayman. Harakatimiz zoye ketsa, keyin nima qilamiz...

Men 20 yildan buyon Milliy olimpiya qo‘mitamizga prezident bo‘lib kelaman, men hech qachon ularning sessiyalarida ishtirok etmaganman, lekin endi borishim kerakka o‘xshaydi. Bu siyosiylashgan tashkilotni joyidan qo‘zg‘atish kerak. Ular haddan oshibdi. Ular kimga medal berishni oldindan belgilab olishadi: kim siyosiy tomondan kuchli bo‘lsa, medal o‘shanga. Buni bas qilmoq kerak!», — deya qayd etib o‘tgan Lukashenko.

Sochi olimpiadasi chempioni Kushnir chang‘i akrobatikasi finaliga yo‘l ola bilmagandi. U shveysariyalik sportchidan 0,45 ball ortda qolib, saralashdan o‘ta olmay qolgan. Bir necha sport mutaxassislarining aytishicha, Kushnir ko‘proq ball olishga munosib harakatlarni amalga oshirgan. Ammo hakamlardan biri Shveytsariyadan bo‘lgan va aynan u Kushnirga past baho qo‘ygandi.

Ko‘proq yangiliklar: