Yaponiyalik sportchi qishki Olimpiadalarning minginchi oltin medal sohibi bo‘ldi

Sport 00:40 / 18.02.2018 6102

Pyongchangdagi Olimpiadada erkaklar o‘rtasida figurali uchish musobaqasida qishki Olimpiadalar tarixidagi minginchi medallar shodasi uchun bellashuv olib borildi. Bu haqda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Musobaqada yaponiyalik sportchi Yudzuru Xanyu g‘olib bo‘ldi. U qisqa va ixtiyoriy dasturlardagi ishtiroki uchun umumiy hisobda 317,85 ball qo‘lga kiritdi.

Kumush medal yana bir yaponiyalik sportchi Sema Unoga (306,90), bronza medal ispaniyalik Xaver Fernandesga (305,24) nasib qilgan. 

Xanyu Sochidagi oltin medaliga Pyongchangdagi oltin medalni qo‘shib qo‘yganidan tashqari, qishki Olimpiadalarning minginchi chempioni bo‘ldi. Uno va Fernandes mos ravishda minginchi kumush va bronza medallari sohibiga aylandilar.

Qishki Olimpiadalar tarixida birinchi chempion 1924 yil 26 yanvarda amerikalik Charlz Jotrou bo‘lgan. U Fransiyada o‘tgan Olimpiadada konkichilar o‘rtasida 500 metrga yugurishda g‘olib bo‘lgan. Ochig‘ini aytganda, o‘shanda musobaqalar qishki Olimpiada maqomiga ega bo‘lmagan. Jotrou ikki yil o‘tib rasman Olimpiya chempioni deb tan olingan. 

Ko‘proq yangiliklar: