42 yoshida chang‘i uchishni boshlagan meksikalik Olimpiada qahramoniga aylandi

Sport 10:43 / 18.02.2018 10136

Bir necha oygina oldin chang‘i sporti bilan shug‘ullanishni boshlagan meksikalik German Madraso Pyongchangdagi Olimpiadaning chang‘i sporti bo‘yicha 15 km lik poygasida ishtirok edi. E'tiborli jihati  shundaki, sport bilan shug‘ullanishni bolaligidan boshlaydigan aksariyat olimpiyachilardan farqli o‘laroq, German 42 yoshida chang‘i bilan shug‘ullanishni boshlab, bor-yo‘g‘i bir necha oy ichida Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kirita oldi. Bundan tashqari, unga Olimpiadaning ochilish marosimida o‘z davlati bayroqdori bo‘lish ishonib topshirildi.   

Madraso musobaqa g‘olibi shveysariyalik Dario Kolonyadan 26 daqiqa ortda qolganiga qaramay, muxlislar va poyga ishtirokchilari chang‘ichini qizg‘in olqishlab, tabriklay ketishdi. Meksikalik marra chizig‘ini davlati bayrog‘i bilan kesib o‘tgach, qolgan ishtirokchilar uni ko‘tarib oldilar. Sportchi 15 kmlik masofani 59,35 daqiqada bosib o‘tdi. 

Olimpiadagacha Madraso Texasda yashagan va yugurish hamda triatlon bilan shug‘ullangan. U Pyongchangga borish uchun poyga velosipedlaridan birini sotib yuborishiga to‘g‘ri kelgan.

Meksikalik chang‘ida uchishni yoqtirib qolgani va u bilan shug‘ullanishni davom ettirishini aytgan. 

Madraso bilan birgalikda tongalik Pita Taufatofua ham mashq qildi. Taufatofua Riodagi yozgi Olimpiadada txekvondo musobaqalarida ishtirok etgan. U ham o‘zini chang‘i sportida sinab ko‘rishga qaror qilgan. Aytish joizki, Taufatofua Madrasodan biroz yaxshiroq natija qayd qildi. U musobaqada ishtirok etgan 119 nafar chang‘ichidan marraga bir yuz o‘n to‘rtinchi bo‘lib keldi.

Ko‘proq yangiliklar: