Jamshid Qo‘chqorov Azimovning «kuchukchalari», vazir o‘rinbosariga «sakragan» millioner va «shoqollar» haqida

O‘zbekiston 17:00 / 17.02.2018 279658

KUN.UZ tahririyatiga Moliya vazirligida o‘tgan yilning 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisdan yozib olingan audioëzuv yetib keldi. Unda moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov gapirgan bo‘lib, u 22 dekabrdagi Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisining ertasi kuni bo‘lib o‘tgan.

«Kecha prezidentimizning menga e'tiroz bildirganlari to‘g‘ri bo‘ldi. Men sizlarga aytib qo‘yay: yil oxirigacha, bir hafta ichida Moliya vazirligi tizimida ko‘pchilikning javobini berib yuboraman. Ko‘pchilikni. Kim shu kungacha pishqirib, o‘zini hammadan katta qo‘yib, odamlar bilan nopisandlik bilan gaplashib yurgan, muttahamlik qilgan bo‘lsa, hammasining javobini beramiz», - degan Jamshid Qo‘chqorov.

Shuningdek, J.Qo‘chqorov Nazorat-taftish bosh boshqarmasi haqda ham fikr bildirib o‘tgan.

«Endi KRUga (Nazorat-taftish bosh boshqarmasi) ishga o‘taman, deb yurganlar bu fikridan qaytib qo‘ya qolsin. Bitta katta tuman shifoxonasiga borib olib, har kuni choy, har kuni obed... Bu revizorlar nonushtani ham o‘sha yerga borib qiladi. Nonushtani! Ey, yorilib ketinglar. Yana borib hamshiralarga tegajonlik qilganlari qancha. Muttaham revizorlar. Shifoxonaga borib: menga hamshirani olib kel, massaj qilsin, deb aytadi bular. Toshkent shahar KRUsining javobini bervorish kerak, muovinlari ham haydaladi, hamma yerni sharmanda qilib tashladi», - degan u audioyozuvda.

«Bu gaplar moliya tizimida yuz yildan beri aytilmagan gaplar. Shu yerda 19 yil vazir o‘rinbosari bo‘lib ishladim. Juda ko‘pchilikni yaxshi taniyman. Birortangni ham ayab o‘tirmayman, chunki prezidentimiz juda ham qattiq norozilik bildirdilar. Bitta narsani aniq va ravshan tushunib olinglar: bizning prezidentimiz Moliya vazirligiga ishonmaydilar. Umuman ishonchlari yo‘q. Nima uchun menga muhlat berdilar?! Chunki men shu kompleks rahbari bo‘la turib moliya tizimini tozalamadim. Haligacha hammasini har kuni eshitib o‘tiribdilar. Hammang haqida ma'lumot bor. Revizorlar – mast bo‘lib, dumalab, ashulalar aytib... Nima men osmondan tushganmanmi?! Hammangni bilaman», - degan u.

«Oldin bu yerda bir dohiy vazir bo‘lardi. Hech narsani eshitmay, ko‘rmay yurardi. «Bo‘ribosarlarni yuboring, bo‘ribosarlarni» - bo‘ribosar emas, shoqol ular! O‘laksa yeydigan, kuchsizlarga teginadigan shoqollar! Bu narsa faqat KRUga tegishli emas, moliya, g‘aznachilik», - deyiladi audioyozuvda.

«Moliya vazirligida bir paytlar Rahmatilla Tursunov degan kadrlar boshlig‘i bo‘lgan. Uni o‘zi birinchi prezident haydab yuborgan. U bu yerda o‘zining Peretolchin (Sergey Peretolchin – Moliya vazirligining kadrlar boshqarmasi sobiq boshlig‘i haqida gap ketyapti) degan odamini tashlab ketgan. U Peretolchin bu yerda millioner bo‘lib ketdi. Bu yerda mening gaplarimni eshitayotganlardan qanchadan qanchasi unga pul berib, ishga o‘tgan. U hattoki vazir o‘rinbosarlariga sakray boshladi. Vazirlikning chirib ketganidan bir misol. Mana shu kadrlar bo‘limi boshlig‘i Mehriddin Abdullayevning yoqasidan olib: Men seni yo‘q qilaman, degan. O‘shanda oddiy vazir o‘rinbosari edim, menga aytdi: Menga aytmaysizmi, hozir mana shu favvoraga olib borib cho‘ktirib tashlayman, dedim. Vazir o‘rinbosari edim o‘shanda, Azimov vazir bo‘lsa ham: Nima haqi bor uning vazir o‘rinbosariga sakrashga, degandim. Mana nima darajaga keldilar! Sizlar kelib, tashidinglar unga. Hammang tashiding. Moliya vazirligidagi eng boy odamga, dollardagi millionerga aylandi u. Topshiriq berdim: bitta-bittalab topib chiqasizlar - kimni Peretolchin qo‘ygan bo‘lsa, kimni Azimov qo‘ygan bo‘lsa, yoki o‘sha Azimovning yaltoqlarini, atrofida yurgan kuchukchalarining birontasi qolmay yo‘q bo‘lsin! Kotiba bo‘lsa ham yo‘q qilinglar!», - degan Qo‘chqorov.

«Hammangni bittadan o‘ynashing bor, hammangni bo‘lmasa ham ko‘pchiligingni. Ey, yig‘ishtirib olinglar o‘zlaringni! Ertaga, dushanba kuni ikkita hujjatga imzo qo‘yaman – o‘sha hamma bilgan tashkilotlarga. Mening viloyat moliya, g‘aznachilik, KRUni, pensiya jamg‘armasini alohida nazoratga olishlari haqida o‘zim xat yozaman. Men prezident topshirig‘ini og‘zimdan qonim kelib bo‘lsa ham bajaraman! Oralaringda ukam chiqsa ham bo‘shatib yuboraman. Ukam bu yerda ishlamaydi, lekin chiqsa bo‘shatib yuboraman. Hech kimni ayamayman!», - deydi u.

«Mana kecha prezidentimiz ish o‘rinlari bo‘yicha ma'lumotni keltirdilar. Bilasizlar, ozgina farosatinglar bo‘lsa, shu narsaga quloq solmaysizlarmi. Bu yerda necha yildan beri dohiy o‘tirardi-da, har yili millionta ish o‘rni ochardi. Qancha odam eshitib o‘tiribdi. Agarda har millionni shuncha yildan beri qo‘shib kelsak, hozir O‘zbekistonga chetdan odam olib kelib, ishlatishimiz kerak edi. O‘zimiz yuribmizku, kim qayerlarda sovuqda qotib, yong‘inlarda o‘lib ketyapti... Bizning tizim odamlari muhtaram prezidentimizning siyosatini tushunmayaptilar, u kishining ma'ruzalarini eshitib, xulosa qilinglar», - degan Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi tanqiddan keyin Moliya vazirligi tizimida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. 23 dekabr kuni Toshkent shahar davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi boshlig‘i hamda uning 3 nafar o‘rinbosari egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan. Shundan so‘ng, Moliya vazirligining hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan joylardagi moliya idoralaridan 273 nafar (23 nafari rahbar xodim): G‘aznachilik idoralaridan 65 nafar (12 nafari rahbar xodim); Pensiya jamg‘armasidan 100 nafar (1 nafari rahbar xodim); Davlat moliyaviy nazorati boshqarmalari xodimlaridan 100 nafari (4 nafari rahbar xodim) jami moliya tizimi bo‘yicha 562 nafar davlat idorasi nomiga dog‘ tushirgan xodimlar o‘z lavozimidan ozod etilgan. Joriy yilning 6 yanvar kuni esa Yoshlar ittifoqi Moliya vazirligiga 490 yigit-qizni tavsiya qilgani ma'lum bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: